Usmoniylar imperiyasi tarixi suratlarda qanday aks ettirilgan?

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Samarqand viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasida "Usmoniylar imperiyasida diplomatiya va mehmondorchilik" mavzusida fotoko‘rgazma ochildi.

Samarqanddagi Turkiya Bosh konsulligi hamda viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, viloyat jamoatchiligi vakillari, badiiy san’at ixlosmandlari hamda Samarqandda yashab turgan Turkiya fuqarolari ishtirok etdi.

- Ushbu ko‘rgazma Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etildi, - deydi Samarqanddagi Turkiya Bosh konsuli Salih Janer. - Fotoko‘rgazmaga qo‘yilgan tarixiy suratlarda Usmoniylar imperiyasi tashkil topganidan XIX asrgacha bo‘lgan diplomatik rasm-rusum, siyosiy faoliyat aks etgan. Fransiya, Shvetsiya-Norvegiya, Yaponiya, Germaniya, Eron hukmdorlari, sulola a’zolarining Istanbulga tashriflari tafsiloti yozma va ko‘rgazmali hujjatlar yordamida bayon etilgan.

Ko‘rgazma katalogini Usmoniylar diplomatiyasi to‘g‘risidagi manbalarni jahon merosiga hadya etish va zamonaviy Turkiya diplomatiyasi an’analarini yoritish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega ijod mahsuli, deyish mumkin. Chunki ko‘rgazmada Usmonli imperiyasi o‘zidan oldingi Turk-Islom davlatlaridagi mavjud diplomatik rasm-rusumni davom ettirgan holda, mamlakatlar bilan munosabat o‘rnatish jarayonida ba’zi yangiliklar joriy qilib, o‘ziga xos diplomatiya yaratgani haqida ham so‘zlaydi. Masalan, XIX asrda Istanbulga turli mamlakatlardan xorijiy sulola vakillari, davlat arboblari tashrif buyurgan.