«Ustimdan yozmaganida, ishini bitirib berardim»

Yoxud probatsiya hisobidagi yoshlarning taqdiri nima bo‘lyapti?

...Xonaga kirib kelgan probatsiya hisobida turuvchi 27 yoshli U.B. nohaq ayblanganini ta’kidladi. Aytishicha, u shunchaki vaziyat qurboni bo‘lgan.

- Yarim tunda do‘stim qo‘ng‘iroq qilib, ikki bosh qoramolini sotmoqchi ekanligini, bozorga olib chiqishga yordam berishimni so‘radi, - deydi U.B. - U asli boshqa viloyatdan. Jomboyda ijarada turib, ishlaydi. Xullas, yordam berishga rozi bo‘ldim. U meni katta yo‘l yoqasida, mollar ortilgan yuk mashinasida kutib o‘tirgan ekan. Bozorga ketayotganimizda ichki ishlar xodimlari ushladi. Mollar o‘g‘irlangan bo‘lib chiqdi. Birinchi marotaba sudlanishim. Onam olamdan o‘tgan, dadam xasta. Oilada katta farzandman, ikki ukamni boqishim kerak.

Raqamlar qoniqarli, ammo...

Joriy yilning fevral oyi yakuni bo‘yicha viloyatimizda probatsiya hisobida turgan fuqarolar 8617 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 2286 nafari axloq tuzatish ishlari, 1806 nafari ozodlikni cheklash, 901 nafari muayyan huquqdan mahrum qilish, 2 nafari majburiy jamoat ishlari jazosini o‘tayotganlar bo‘lsa, 94 nafari shartli sinov muddati ta’sir chorasi belgilanganlar. Achinarli tomoni, ularning 2190 nafari yoshlar va 45 nafari voyaga yetmaganlardir.

Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatimizda probatsiya hisobida turganlar o‘rtasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 2022 yildagi 54 tadan 45 taga tushgan. Probatsiya hisobida turuvchilar tomonidan qayta jinoyat sodir etish ko‘rsatkichi esa 8 foizga kamaygan. Ammo Samarqand shahri, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy hamda Paxtachi tumanlarida vaziyat yaxshi emas. Mazkur hududlarda ayrim ko‘rsatkichlar ortib bormoqda. Biz buning sababini aniqlash, mazkur hududlarda probatsiya hisobida turgan yoshlarning taqdirini bilish maqsadida Jomboy tumani misolida o‘rganish ishlarini olib bordik.

Aksariyat hollarda muammoli hududda ish olib borayotgan mas’ullar asl holatni yashirishga urinadi. Soxta raqamlar, sahnalashtirilgan ish jarayoni, ortiqcha mulozamatdan buni farqlab olish qiyin emas. Biroq Jomboyda bunday bo‘lmadi. Biz ish kunini probatsiya xizmati xodimlari bilan birga o‘tkazib, ularning kunlik vazifalari ijrosini kuzatish, boradigan manzillari, suhbatlashadigan insonlarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Probatsiya hisobida turgan yoshlar bilan bevosita suhbat qilib, ularning kayfiyati, qarashlari, rejalarini aniqlashga harakat qildik.

Inspektorni aldash oson emas

Mavzuni tuman ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori, mayor Artur Muqumovning xonasida kechgan suhbat tafsilotlari bilan davom ettirsak.

U.B.ning hikoyasi bir qarashda juda ta’sirli. Aybsiz, sharoiti og‘ir ekan, deb o‘ylashingiz mumkin. Biroq suhbat davomida bizda qator savollar tug‘ildi. Misol uchun, jinoyatga qo‘l urgan do‘sti boshqa viloyatdan bo‘lib, ijarada tursa, ikki bosh qoramolni qayerda boqqan yoki U.B. sherigi katta yo‘l yoqasida, mollar ortilgan tayyor mashinada kutib turganidan shubhalanmaganmi? Bu noaniqliklar xonaga Artur Muqumov kirib kelib, savol-javobni o‘z nazoratiga olganidan keyin aniqlashdi.

- Nega bir necha kundan beri aloqaga chiqmading, seni topa olmadik? - deya jiddiy ohangda suhbatni boshladi inspektor.

- Pul kerak edi, telefonimni garovga qo‘yib, qarz oldim. Tashvishlar bilan yurgandim.

- Moddiy yordam berildi-ku, ishga joylashish uchun yo‘llanma ham olding. Nega haligacha ish beruvchi bilan uchrashmading?

- Men yaxshiroq joyni topdim. Unda oylikdan tashqari, kunlik tushumi ham bor.

Tushunishingiz uchun probatsiya hisobidagi fuqarolar belgilangan vaqtlarda inspektorlar bilan uchrashib, profilaktik suhbatdan o‘tishi kerak. Qolaversa, ularning bandligini ta’minlash maqsadida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik idorasi tomonidan ishga joylashish uchun yo‘llanma beriladi. Inspektorlar nazoratidagi shaxsning ishga kelib-ketayotgani, mehnatga munosabatidan xabardor bo‘lib turishi kerak ekan. Bizning «qahramon» esa na suhbatga kelgan va na ishga joylashgan. Jarayonda aniq bo‘ldiki, u bundan oldin ham o‘g‘rilik jinoyati bilan sudlangan. Qiziq tomoni, birinchi bor ozodlikka chiqib, probatsiya hisobida turgan vaqti ham o‘sha o‘zi aytayotgan «soqqali» joyga ishga joylashganligi haqida soxta hujjat tayyorlab, yana eski hunariga qaytgan. Qiziq, u nega bizni aldashga urindi?

— Tumanimizda 398 nafar fuqaro probatsiya hisobida turadi, - deydi A.Muqumov. – Shundan 71 nafari yoshlar. Ulardan 10 nafarining xulqi o‘ta og‘ir. Bunday yoshlar nazoratiga qattiqroq turmasak bo‘lmaydi. Boshqa holatlarda nazoratni shaxsning ijtimoiy-psixologik portretiga qarab tashkil etamiz. Misol uchun, ehtiyotsizlik oqibatida yo‘l-transport hodisasini sodir etganlar bor. Ular jinoyatni atay sodir etmagan, kriminogen olamdan yiroq. Ularga o‘zi tanlagan ishonchli ish joyiga joylashish uchun ruxsat beramiz. Oyda bir-ikki bor nazorat tartibida uyiga yoki ish joyiga borib, suhbat qilishimiz mumkin. Ammo jinoyatga qayta-qayta qo‘l urayotganlar masalasi boshqacha. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, ular nazoratdan qutulish uchun yolg‘on voqealarni to‘qishdan ham tap tortmaydi. Bunday kimsalar bilan ishlash uchun sabr va katta tajriba zarur.

U.B.dan tushuntirish xati olinib, belgilangan muddatda yo‘llanmada ko‘rsatilgan ish joyiga joylashish bo‘yicha tushuntirish berildi. Agar u yana «yo‘qolib» qolsa yoki berilgan muhlat ichida ishga joylashmasa, unga belgilangan 1 yilu 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi sud tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga qaytarilishi bo‘yicha ogohlantirildi.

Tartibni buzsa, jazo chorasi og‘irrog‘iga qaytariladi

Kuzatib, amin bo‘ldikki, suhbatga kelib-ketayotgan kishilarning asosiy qismi firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan. Va ularning ba’zilari haligacha odamlarni yoki davlatni aldash ayb ekanligini tushunib yetmagan.

28 yoshida firibgarlik bilan qo‘lga tushib, shartli ravishda ozodlikka chiqqan va yana shu jinoyat bilan qamalib, bugungi kunda axloq tuzatish tartibida jazoni o‘tayotgan fuqaro bilan suhbatimizdan:

- Bir marta shu jinoyat bilan qo‘lga tushgan ekansiz, nega yana firibgarlik qildingiz?

- Bu gal kelishuvda muammo yo‘q edi. Agar pul bergan odam sabrsizlik qilib, ustimdan yozmaganida, ishini bitirib berardim. Kutishni istamadi, shunga yana qamalib qoldim.

Anglayapsizmi, u aybni o‘zida emas, balki uni noqonuniy harakatlari natijasini kutmagan fuqaroda deb bilyapti. Hozir u 35 yoshda. Xo‘sh, uning dunyoqarashini o‘zgartirib bo‘ladimi? Yoshlikda olinmagan tarbiyani probatsiya inspektori qanday beradi? Ular faqat nazorat qilishi, tartibga chaqirishi mumkindir. Jazo muddati tugaganidan keyin inspektorlarning majburiyati ham tugaydi. U yana shu ishga qo‘l urmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga chaqiruv bo‘ldi. Biz ham inspektorga ergashdik. U yerda probatsiya hisobida turgan, biroq o‘zini tutish qoidalariga rioya etmagan fuqaroning ishini sudda ko‘rib chiqib, oldingi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo turiga qaytarish masalasi turgan ekan. Ammo fuqaro bu yerda ham tartibga bo‘ysunmayapti. To‘polon qilib, atrofdagilarga va o‘ziga shikast yetkazishga harakat qilyapti.

A.Muqumovning izoh berishicha, fuqaro ozodlikka chiqqanidan keyin bir-ikki oy o‘zini yaxshi tutgan. Bu vaqt ichida unga moddiy yordam va ishga joylashishi uchun imkon berilgan. Lekin u ichkilikka berilib, uyida janjal chiqargan. Ish uning pichoq ko‘tarib, xotinini quvlashigacha borgan. Endi uning masalasi aniq, sud birinchi jazo chorasini qaytaradi. 2023 yilda viloyatda jinoyat sodir etishga moyil, tuzalish yo‘liga o‘tmagan 103 nafar shunday shaxsning jazosi oxirgi chora sifatida og‘iriga almashtirilgan.

Sayyor sudda...

Albatta, shu kuni bizga duch kelgan shaxslar probatsiya nazoratida turib, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tab kelayotganlarning kamchiligini tashkil etadi. Berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan va eng muhimi, xatolaridan tegishli xulosa chiqarganlar jazo muddati tugamay turib, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilmoqda. O‘tgan yili viloyatimizdan 3528 nafar shaxs shu tartibda jazodan ozod qilingan.

Tumandaligimizda Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inida shu masalada sayyor sud bo‘lib o‘tayotgani aytildi. Unda ishtirok etib, namunali xulqi uchun ozodlikka chiqqan yoshlar bilan suhbatlashdik.

- Bezorilik qilganim uchun jazolanganman, - deydi ishi sudda ko‘rilib, 11 oy jazo muddati «kesil»gan yoshlardan biri. – Probatsiya hisobidaligimda oshxonada oshpaz bo‘lib ishladim. Xatoimdan xulosa chiqarishim uchun yetarlicha vaqt berildi, deb o‘ylayman. Endi qonuniy asosda chetga chiqishim mumkin.

- Probatsiya hisobidagi shaxsning ijtimoiy moslashuvini baholashda mehnatga halol munosabatiga alohida e’tibor qaratiladi, - deydi tuman ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi inspektori, mayor Zohid Haydarov. – Shu bois nazoratdagi fuqarolarning ishga joylashishiga alohida e’tibor beramiz. Hokimlik ularning biznes g‘oyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Agar ular jazoni o‘tash vaqtida vijdonan va halol mehnat qilib, o‘zini munosib tutgan bo‘lsa, tuzalish yo‘liga kirgan, degan xulosa beriladi. Aksi bo‘lsa, u bilan ishlashga hamkor tashkilot mutaxassislari jalb qilinadi. Aytish joizki, probatsiya nazoratidan chiqarildi, degani fuqaro nazoratsiz bo‘ladi, degani emas. Ular bilan ham yaqin bir-ikki yil ichida aloqada bo‘lishga, muammo yuzaga kelsa, ijobiy hal qilishga yordam beramiz.

Tizim islohotga muhtoj

Tumanga kelganimizda e’tiborimizni tortgan birinchi jihat probatsiya xizmati xodimlarining kamligi bo‘ldi. Bor-yo‘g‘i 3 nafar inspektor va bir nafar texnik xodim. Texnik xodim kompyuter va kamera bilan ishlashi mumkin, qolgan 3 nafar inspektor nazoratdagi 398 nafar fuqaroning qaysi biri bilan uchrashishga yoki uyiga borib, nazorat tadbirini o‘tkazishga ulguradi?

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 fevraldagi «Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida probatsiya bo‘linmalariga mutaxassis-psixologlarni jalb etish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Ammo biz idorada psixologlarni ko‘rmadik. To‘g‘ri, probatsiya xodimlari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ishlashi mumkin. Biroq profilaktika inspektorlarining ham yumushi o‘ziga yetarli. Ularning yuklamasini oshirish ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Probatsiya sohasida qog‘ozbozlik haddan ortiq ko‘pdek taassurot  paydo bo‘ldi bizda. Turli grafik va hisobotlar tayyorlash ish kuni tig‘iz inspektorlar uchun qo‘shimcha yuk bo‘layotgandek. Ularning o‘zi ham bu muammoni tan oldi. Savol tug‘iladi, aslida bu xizmat ilg‘or xorij tajribalaridan kelib chiqib joriy qilinmaganmidi? Agar shunday bo‘lsa, uning faoliyatini ham zamon talablariga mos tarzda tashkil etish zarur. Ular jazoni ijro etish muassasasidan kelgan fuqaro bilan ishlash uchun uning «delo»si yetib kelishini kutib o‘tirmasligi kerak. Fuqarodan shaxsiy hujjatlari nusxasi, fotosuratini talab qilish ham o‘tgan davrning ishi. Aksincha, inspektorlarga nazoratga qo‘yiladigan shaxsning ijtimoiy-psixologik portretini u kelmasidan oldin o‘rganib chiqish uchun imkoniyat yaratish lozim. Xullas, tizim islohotlarga muhtoj. Va buni kechiktirish og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Asqar Barotov.