“Ustoz” sihatgohida o‘qituvchilarga o‘quv kurslari tashkil etildi

Joriy yil viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘zaro hamkorlikda pedagoglar uchun “Hayot davomida o‘qish” tamoyili ostida yangi tashabbusga qo‘l urdi.

Kelishuvga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sihatgohida 10 kunlik dam olishi belgilandi va dam olish mobaynida ularga o‘quv darslari tashkil etildi. Har 10 kunlik yo‘llanmalar bir xil fan o‘qituvchilariga berildi. Masalan, bir safar matematika o‘qituvchilari kelsa, ikkinchi safar fizika fani o‘qituvchilari sihatgohda dam olishdi. Har bir fan o‘qituvchilariga soha mutaxassislari tomonidan alohida o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan ustozlar sertifikatlar bilan taqdirlanmoqda.

Ayni kunlarda sihatgohda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari dam olmoqda. Ertalab ular uchun dastlab badantarbiya mashqlari boshlandi. So‘ngra o‘quv kursi darslari tashkil etildi. Malaka oshirish hududiy markazi dotsenti S.Yuldosheva, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi filologiya fanlari metodisti D.Abdurahmonova, Oqdaryo tuman 52-IDUM o‘qituvchisi J.Tirkashev belgilangan dastur asosida darslarni boshlab berdi. O‘qituvchilar “Ta’lim tizimidagi islohotlar”, “Milliy o‘quv dasturining mazmun-mohiyati”, “O‘quvchilar yutuqlarini baholashning muhim tamoyillari”, “Loyihalashtirish va modellashtirish ta’lim texnologiyalari” kabi mavzulardagi amaliy darslarda faol bo‘lishdi.

Bunday loyiha viloyatda ilk bor amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu tashabbusni kelgusida respublika bo‘yicha ommalashtirish ham rejalashtirilyapti.

Asila Ibragimova,

Samarqand viloyati xalq ta’limi

xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi matbuot kotibi.