Ustoz yodi

Yaxshi insonlar hayotligi chog‘idayoq kechirgan ibratli turmush tarzi, amalga oshirgan ezgu ishlari bilan mangulikka daxldordir. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, professor Nuriddin Kamolov ana shunday insonlardan edi. 

N.Kamolov 1930 yilda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon (hozirgi Yozyovon) tumanida tavallud topdi. Mehnat faoliyatini xo‘jalikda tabelchi va pochtachi sifatida boshladi. Qo‘qon tibbiyot texnikumini bitirib, 1950 yilda Samarqand tibbiyot institutining davolash fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliygohni muvaffaqiyatli bitirgach, 1956-1957 yillarda Marg‘ilon ipak kombinatida sex-terapevti bo‘lib ishladi. Keyinchalik yana Samarqandga qaytib, o‘zi tahsil olgan oliygohning fakultativ terapiya kafedrasida aspiranturani o‘tadi. So‘ngra shu kafedra assistenti, dotsenti, kafedra professori va mudiri, keyinchalik dekan, prorektor kabi vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi. 

Nuriddin Kamolov 1987 yilda Samarqand tibbiyot instituti jamoasining umumiy yig‘ilishida rektorlikka saylandi va 1995 yilgacha ushbu lavozimda samarali xizmat qildi.

Domladagi o‘tkir xotira va chuqur tahlil qilish qobiliyatlari shogirdlar uchun doimo jonli o‘rnak edi. Uchrashuvlarda, davra suhbatlarida aspirantlikdan institut rektorligigacha bo‘lgan faoliyati xususidagi savollarga ustoz shunday javob berardi: «Hayotimda erishgan muvaffaqiyatlarimning garovi ustozlarimdan o‘rgangan tajriba va ko‘nikmalarga tayangan holda o‘z bilimimni amaliyotga joriy etishdan iborat bo‘ldi».

Bunday fazilatlar domla rektor bo‘lgan yillarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Jumladan, ikkinchi klinikaning to‘rtinchi navbati ishga tushirildi. Mazkur klinika qoshida ma’ruzalar zali korpusi qurildi. O‘quv-uslubiy ishlar, kafedralar va kurslar tarkibi qaytadan ko‘rib chiqildi. Darslar va ish yuritish o‘zbek tiliga (davlat tili) o‘tkazildi. Kirish imtixonlari test usulida tashkil etildi. Bundan tashqari, institut o‘zining 60 yillik yubileyini o‘tkazdi va shu munosabat bilan professor-o‘qituvchi, ishchi-xodimlardan bir guruhi turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Professor Nuriddin Kamolov institutning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, malakali mutaxassislar tayyorlash bilan birga ilmiy ishlarini sabot bilan davom ettirdi. Talabalarni o‘qitish va tarbiyalashda ilg‘or uslublardan keng foydalandi. Ustoz 220 ta ilmiy ishlar muallifi edi. Shundan 6 tasi monografiya, 4 tasi darslik va ko‘plab risola, o‘quv-uslubiy tavsiyalar yaratdi. Respublikada ilk bor o‘zbek tilida «Ichak kasalliklari» darsligi, katta kurs talabalari uchun gematologiyadan ma’ruzalar matni, o‘rta tibbiyot o‘quv yurtlari o‘quvchilari uchun «Tibbiyot odobnomasi», «Revmatizm» kabi qator darslik va monografiyalar shular jumlasidandir. N.Kamolov rahbarligida 6 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 

Nuriddin Kamolov o‘zining ustozligi haqida shunday derdi: “Men ustozlik faoliyatimni ikki yo‘nalishga ajrataman. Birinchisi, professor-o‘qituvchi pedagog sifatida institutda shakllangan vrachlar tayyorlash tizimida terapiya sohasi bo‘yicha ma’ruzalar o‘qib va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib shogird tayyorlash. Men ularni bilvosita shogirdlar deb atayman. Ikkinchisi, men tayyorlagan bevosita shogirdlar. Ular mening rahbarligimda dissertatsiya yoqlaganlar, hayotda o‘z yo‘lini topish uchun men maslahat bergan aspirant, magistr, doktorant, o‘qituvchilar hamda rektoratda, hozirgi til bilan aytganda, o‘z yonimga olib, tarbiyalagan kadrlardir». 

Ustoz ko‘rib, o‘zi ustoz bo‘lgan professor Nuriddin Kamolov hayot bo‘lganida bugun 90 yoshni qarshilardi. Uning nomi hamisha yodimizda.

Yaxshinor ALLAYoROV,

Tursunpo‘lat ShOMURODOV.