Ustozlarimdan noroziman
Ha, shunday, men maqola yozishni o‘rgatgan, sohaga mehrimni oshirgan ustozlarimdan noroziman. Nega menga bu kasbning mashaqqati, butun umr ko‘tarishim kerak bo‘lgan og‘ir yuki haqida aytmadingiz? Tunlarni bedor, kunlarni sarson-sargardon o‘tkazishim, egrini egri, to‘g‘rini to‘g‘ri deganim uchun ko‘pchilikning dushmaniga aylanishim haqida ogohlantirmadingiz. Nima uchun men o‘zimni xalqim oldida muttaham his qilaman?
Aslida men yaxshigina yulg‘ich bo‘lishim kerak edi-ku, muhit meni shunga tayyorlayotgandi. Yashirib nima qildim, bolaligimizda xalqdan, davlatdan o‘marish ayb emas, yutuq sanalardi. Ba’zi kattalar bizga harom-xarish yo‘llar bilan boyib ketganlarni o‘rnak qilib ko‘rsatishgan. Oylikka emas, kunlikka ishlash kerakligi, pulning o‘zi seni izlab kelsa, “halol” bo‘lishini uqtirishgan. Vijdonga kunim qoldimi meni?
Mana, tahririyatning eshiklari oldida turibman. Oliy ta’limni boshqa mutaxassislik bo‘yicha o‘qib tugatgan bo‘lsam-da, taqdir meni shu yerga boshlab keldi. Xat-savodim durustdan yomon, maqola tugul oddiy xabar yozishni ham bilmayman. Ustozlar deydi, “Agar o‘zingda bo‘lmasa, biz berolmaymiz. Sen bu kasbni tanlamaysan, kasb seni tanlashi kerak”. Nima ham derdim, rizqimiz shu sohada ekan.
Haqiqiy jurnalistni yuzidan emas, imzosidan tanishlari kerak, degan edi ustozlarimdan biri. Avvaliga bu gapning mag‘zini chaqa olmadim. Tushuncha tajriba bilan kelar ekan. Boylik, mashhurlik, chiroyli hayot orzusidagilar uchun emas bu ish. Undaylar sohani ham, o‘zini ham sharmanda qiladi. Eslashsa ham yaxshi gaplar bilan emas. Butun umr shu sohada ishlab, haqiqiy jurnalist bo‘la olmaganlarni ko‘rdim, xulosa qildim. Qaysidir ma’noda ular ham ustozim bo‘ldi. Faqat men ulardan qilmasligim kerak bo‘lgan narsalarni o‘rgandim.
Ustoz, nega jurnalistning qalami qiyinchiliklar charxpalagida charxlanishini aytmadingiz? Bemorning o‘yini bilish uchun betob, kambag‘alni tushunish uchun nochorlikni his qilishimiz kerak bo‘larkan-ku. O‘z uslubing bo‘lishi kerak, derdingiz doim. Uslub kabinetda emas, hayotning qaynoq nuqtalarida shakllanar ekan-ku?!
Ustozlarimdan noroziman. Sababi, ular bu kasb menga nima berishi haqida ham lom-lim, deyishmagan. O‘zim aytaqolay, soha menga halol yashash imkoniyatini berdi. O‘z nafsing buzuq bo‘lmasa, hech kim seni harom ishga unday olmaydi. Asosiysi, bu kasb menga qalbimni tirnayotgan o‘ylar, fikr va g‘oyalarni oqqa ko‘chirish, boshqalar bilan bo‘lishish baxtini berdi. Xalqqa, Vatanga xizmat qilish qanday bo‘lishini tushundim. To‘g‘ri, hali ham ko‘p narsalarni o‘rganishim kerak, jurnalist bo‘ldim, desam, manmanlik bo‘lar. Bilganim, shunday ulug‘ maqomga mos bo‘lish harakatidaman. Ustozlarim buning uchun yo‘l ochib berishdi.
Ustozlar, sizlarga tashakkur, bayramingiz muborak bo‘lsin!
Asqar BAROTOV.