Ustozlik maqomi hech qachon pasaymagan, pasaymaydi ham
Ilm bir ummondir, undan har kim o‘z xohishicha oladi, degani rost. Bugun hayotimizni ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu yo‘lda zahmat chekib, mehnat qilayotganlar suhbati sizga yanada kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi va hayotga munosabatingizni ijobiy tomonga o‘zgartiradi. Kuni kecha Samarqand davlat chet tillar instituti professori, filologiya fanlari doktori Xurshid Xayrullayev “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. U bilan bo‘lgan suhbatimiz ustozlik maqomi, ta’lim-tarbiya va ayrim muammolarga bag‘ishlandi.
- Maktabda ta’lim bergan ustozlarimdan to hozirgacha bo‘lgan ustozlarimning maqomi men uchun teng, - deydi X.Xayrullayev. - Ba’zi odamlar yillar o‘tgani sayin maktab davridagi ustozlarini kam eslaydi. Bizga harfni, o‘qishni Vatan adabiyoti, jahon adabiyotini o‘rgatgan insonlarni unutishga haqimiz yo‘q. Ba’zan oliy ta’limda katta ustozlarni uchratgandan keyin oldingilari biroz unutilgandek bo‘ladi. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak.
Hayotim davomida menga haqiqiy ustozlar ta’lim-tarbiya bergan. Ilk ustozlarim ota-onam, otam maktabda matematika o‘qituvchisi, onam uy bekasi bo‘lgan. Birinchi sinfda meni o‘qitgan muallimim Haydar Qayumovdan bir umr qarzdorman va har kuni haqiga duo qilaman. Agar shu inson har bir o‘quvchiga alohida mehr berib, jon kuydirib o‘qitmaganida, balki mendek sho‘x, o‘yinqaroq bola o‘qishga hech qachon bo‘yin egmagan bo‘lardim. Menga ta’lim bergan har bir o‘qituvchimni haligacha eslayman. Masalan, uchinchi sinfligimda Oydiniso Hamroyeva degan o‘qituvchim bizga dars bergan. U kishi “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” unvonini respublikada joriy etilgan yili olgandi. Shuningdek, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarim Aziza Hamidova, Shodmonoy Muhammadiyeva, Homid Erdonov, Ne’mat Hamroyev kabi o‘qituvchilarimdan bir umr minnatdorman. Qolgan o‘qituvchilarim ham o‘z fanining bilimdoni edi, ba’zilari olamdan o‘tdi.
Universitetda o‘qigan chog‘imda Nuriddin Shukurov domlaning ma’ruza hayotimni o‘zgartirib yuborgan. Ustoz shu darajada dars berganlarki, auditoriyaga kiradigan bo‘lsam, Nuriddin Shukurovdek dars o‘tish orzusida bo‘lganman. Bugun ham har kuni dars o‘tishdan oldin ustozlarimning nomini xayolimdan o‘tkazaman. Talabalik yillarim bizga katta olimlar ta’lim bergan, ulardagi bilim shunchalik kuchli ediki, darsdan charchab chiqqan vaqtlarim bo‘lgan.
Rahmatli Rahmatulla Qo‘ng‘urov domla qisqa vaqt dars bergan bo‘lsalarda, u kishida katta bilim borligini his qilganman. Domla salobat va vazminlik bilan dars o‘tardi. Hatto hazil-mutoyibani ham mavzuga moslab, chiroyli qilib yetkazib berardi. Hayotda ba’zi voqea-hodisalarga duch kelganimda o‘sha domlalarning fikrlari yodimga keladi. Oliy ta’lim dargohida Muslihiddin Muhiddinov, Suyun Karimov, Shavkat Hasanov, Alisher G‘afforov, Ibodulla Mirzayev, Yusuf Abdullayevlarning ta’lim-tarbiyasini oldim. Ustozsiz inson komillikka yetisholmaydi.
Bu ilm shunday narsaki, buni dunyoni yaratgan Egasi biladi. Alloh taolo insoniyatga juda kam ilm berilganini aytgan. Dunyoni katta bir ummon deb oladigan bo‘lsak, undan sachrab chiqqan bir tomchi insoniyatga berilgan ilm ekan. Odam Atodan to oxir zamongacha odamzodga berilgan ilm bir tomchi misolidek. Uni sohalarga, davrlarga bo‘lib tashlaylik va bitta insonda qancha ilm borligini idrok qilaylik. Insoniyat ilm bilan dunyoda turibdi.
- Bugungi ustoz va o‘qituvchining maqomiga 10 ballik baholash tizimida necha ball bergan bo‘lardingiz?
- Insoniyat yaralibdiki, ustoz degan maqom ulug‘. Ustozlik maqomi hech qachon pasaymagan, pasaymaydi ham. Endi o‘qituvchilik kasbi haqida gapiradigan bo‘lsak, maktabdagi o‘qituvchilar maqomining tushishiga sabablar juda ko‘p. Masalan, mustaqillikning ilk yillarida ko‘p sohalarda depsinishlar bo‘ldi. Maktab ta’limida ham bu qattiq sinovlarni olib keldi. Bu sinovlardan o‘tishimiz og‘ir bo‘ldi. Ko‘p narsalarni yo‘qotishga to‘g‘ri keldi. Xuddi ozuqasi kamayaversa, daraxtlar barglari ingichkalashib, kichrayib, kerak bo‘lsa, ortiqcha barglarini tashlab, hayot uchun zarur bo‘lgan minimal qismini saqlab qolganidek, o‘qituvchilik faoliyati ham xuddi shunday bo‘lib qoldi. Sinfxonalarning yetishmasligi, darslarning ikki smenada bo‘lishi kabi muammolar sababli 4-5 soat darsi bor o‘qituvchi ham kun bo‘yi maktabda o‘tirishga majbur bo‘ldi. Shuning uchun ba’zi o‘qituvchilar iqtisodiy masalalarda qiynalib, kasbidan uzoqlashdi. Katta tajribaga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning bir qismi, ayniqsa, erkak o‘qituvchilar oila tebratish uchun boshqa sohalarda ishlay boshladi.
O‘sha davrda maktablarda ustoz-shogirdlik an’anasi biroz parokanda bo‘ldi. Maktabga borgan yosh o‘qituvchilarning ko‘pchiligi ustoz-shogird an’anasi bo‘lmaganligi uchun oliy ta’limda olgan bilimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchiga yetkazishga qiynalib qoldi. Ayniqsa, bu o‘rtada kollejlarda o‘qitiladigan darsliklarni oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari yozib berdi. Ular maktabnikidan farqli, oliy ta’limnikiga yaqin qilib yozildi. Maktab o‘qituvchilari esa kollejlardagi darsliklarni o‘qitishga qiynalib qoldi. Shundan keyin darslar susaya boshladi. O‘qituvchiga munosabat ham pasaydi. Biroq o‘z ustida doimiy ravishda ishlagan, tajribali o‘qituvchilar borki, yo‘qotishlar kam bo‘ldi.
Aslida o‘qituvchi o‘zining o‘quvchisidan ancha bilimli bo‘lishi kerak. O‘rtadagi tafovut juda katta bo‘lishi lozim. Agar bolaning darajasiga tushib olib, o‘sha bilim bilan yondashadigan o‘qituvchi bo‘lsa, u bugungi kun o‘quvchilarini qoniqtirmaydi.
O‘qituvchi maqomi haqida gap ketganda, mashaqqatini hisobga olgan holda shu kasbda ishlab turganligi uchun ham ularga 10 balni berish kerak. Ular ham boshqa ish qilsa bo‘ladi. Lekin u shu kasbni tanlagan, kasbiga mehr qo‘ygan.
O‘qituvchilik sharafli kasb, ammo sharafli ekanligi hadeganda ko‘rinavermaydi. Masalan, dehqon yerga biron narsa eksa, uzog‘i bilan bir yilning ichida natijasini ko‘radi. Agar xato qilib qo‘ygan bo‘lsa, kelasi yilda shu xatoni qilmasdan, yaxshi natijaga erishadi. Agar o‘qituvchi ta’limda bir xato qilsa yoki xatoni o‘nglayman desa, buni ko‘rish uchun qariyb yuz yil vaqt ketib qoladi.
O‘qituvchilik kasbida ustozlik maqomiga erisha olish hammaga ham nasib etavermaydi. Ko‘pchilik aytadi, qayerga ma’ruzaga chaqirsa, ketaverasiz, undan ko‘ra o‘tirib mana bu narsani darslik qilib yozsangiz bo‘lmaydimi? Aslida bular ham vaqti-soati bilan bo‘lyapti, lekin bugun meni qayergadir o‘z yo‘nalishim bo‘yicha chaqirishsa, demak, bunga ehtiyoj bor. Menda esa bilim berishga kuch-quvvat yetarli. Shuning uchun respublikaning qayeriga chaqirishsa, ko‘zi yonib turgan yoshlarga bilim berishga harakat qilaman.
- Oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan birinchi navbatda sifatli ta’lim berish so‘raladimi yoki turli topshiriqlarmi?
- Bugun oliy ta’lim keraksiz topshiriqlardan xoli deb aytishim mumkin. O‘qituvchilarning maoshi yaxshi. Ochig‘ini aytishim kerak, Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganlaridan keyin o‘qituvchining cho‘ntagi pul ko‘rdi. To‘g‘ri rejalashtirilsa, domlalarning maoshi bilan chiroyli hayot kechirsa bo‘ladi. Biz ta’lim beruvchi insonlarmiz. Bu borada o‘zimizni katta biznes yoki boshqa soha xodimlari bilan tenglashtirmasligimiz kerak.
Oliy ta’limga boshqalarning aralashishiga barham berilgan. Masalan, paxta dalalarida oylab vaqtimiz o‘tib ketgan davrlar bo‘ldi. Endi bunday topshiriqlar yo‘q. Lekin faoliyatimizda targ‘ibot masalalari bo‘lishi mumkin. Bu har qanday ziyolining jamiyatda faxrlanib qiladigan ishi, deb qarayman.
Oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan ijodiy yondashish talab qilinadi. Ba’zi o‘qituvchilarning o‘zida mana shu narsada oqsash bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik zamonaviy dars deganda texnikalarni qo‘llash masalasini aytadi. Aslida proyektorni yoqib qo‘yish zamonaviy dars o‘tish degani emas. Bugun oliy ta’limda dars beradigan o‘qituvchidan qanday bilim berayotgani, nimani o‘rgatayotganini so‘rashimiz kerak. U haqiqatda talabaga kerakli bilimni yetkazib bera olyaptimi? Zamonaviy dars deganda, bugungi kunning talabidagi hayotiy faoliyat va kelajak uchun poydevor yasab beradigan narsalar, insoniyat kelajak hayotini farovonlashtirib beruvchi mutaxassis tayyorlashga qaratilgan o‘quv faoliyati tushuniladi.
Avval oliy ta’lim muassasalarida 2 mingta talaba o‘qigan bo‘lsa, bugun 15 minggacha talaba bor. Bu hazilakam gap emas. Oliy ta’limda eng muammoli masala zamonaviy pedagog masalasi. Bugun qamrov kengaydi, talabalar soni oshganidan keyin sifatli ta’lim bera oladigan, katta maktabni o‘tagan o‘qituvchilar soni nisbatan kamayib qoldi. To‘g‘ri, biz tezroq fan nomzodlarini tayyorlashga harakat qilyapmiz. Lekin bu jarayonda ularning bilim saviyasi pasaygan holatlar ham kuzatilib qolyapti. Endi talabalar soni ko‘paysa ko‘payadi, lekin kamaymaydi. Shuningdek, bundan besh yil oldingiga qaraganda maktab yoshidagi bolalar soni ko‘p. Bog‘cha yoshidagilar maktab yoshidagi bolalardan ko‘proq. Mana bu masala ertaga maktabda ta’lim sifatini oshirishda katta muammoni qo‘yadi. Shuning uchun davlatimiz pedagogik yo‘nalishda ta’lim oladigan talabalarni davlat hisobidan o‘qitish masalasini ko‘ryapti. Magistratura yo‘nalishida o‘qiydigan xotin-qizlar uchun kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berilyapti. Bu borada samarali ishlar qilinyapti. Hammasi joy-joyiga tushib ketishi uchun hali biroz vaqt bor.
- Talabalarning yildan yilga oliy ta’lim muassasalariga kirish ballari pasayib ketayotganining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
- Yuqorida ham bu haqda biroz gapirdim. Maktabdagi o‘qituvchilarning holati bilan bog‘liq jihatlarga e’tibor beraylik. Kollej va litseylarning o‘qituvchilari maktablarga qaytdi, ular yillar davomida dars o‘tmagan. Bu achchiq haqiqat. Buni tan olishimiz kerak. Endi o‘sha o‘qituvchi o‘qitgan boladan nimani kutasiz? O‘quvchi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiraman, deganining o‘zi bugun katta yutuq.
Bundan tashqari, keyingi yillarda oliy ta’limga hujjat topshirish nihoyatda ko‘paygan. Biz buni foizda hisoblab ko‘ryapmiz, sonda hisoblab ko‘raylik, kamayayotganini ko‘ramiz. Bu holat nisbatan kamayib boraveradi. Biz bugun maktabni ayblash emas, maktabga yordam berishimiz kerak.
- Kafedra olimlari, tadqiqotchilari tomonidan qanday yangiliklar qilindi?
- Bizning o‘zbek tili va adabiyoti kafedramizda salohiyat 70 foizdan yuqori. Bu salohiyatni boshqa joydan o‘qituvchi olib kelib qilganimiz yo‘q. Hammasi mana shu kafedraning ildizidan mevasigacha yetib kelgan holat. Professor Ne’mat Turniyozov O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda tilshunoslikdagi derivatologiya markazining asoschisi edi. Biz shu insonning atrofida birlashdik. Keyingi ikki yilda til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi bo‘yicha ikki nafar fan doktori (DSs) dissertatsiyasi yoqlandi. Yana bizda muhokamadan o‘tgan ikkita fan doktorligi dissertatsiyasi bor. Shuningdek, fan doktorligi (PhD) bo‘yicha 8 ta dissertatsiya yoqlandi. Bu ishlar uzuq-yuluq emas, bir-birini davom ettiradigan, to‘ldiradigan, derivatsiya qonuniyatlarini ko‘rsatadigan ilm. Qolgan 30 foiz mutaxassislarimiz ham ilmiy ish boshlagan magistrlardir.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Xurshida ERNAZAROVA
suhbatlashdi.
Suhbatdosh haqida qisqacha:
Xurshid Xayrullayev 1976 yil 17 fevralda Kattaqo‘rg‘on tumani Polvontepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim olgan. 1992 yilda maktabni oltin medal bilan tugatib, Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan. Universitetni bitirgach, Samarqand davlat chet tillar institutiga aspiranturaga o‘qishga kirgan. Shu bilan birga, institutda ikkinchi mutaxassislik – ingliz va arab tili mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan. Uning shu darvgacha bo‘lgan ish faoliyati bevosita Samarqand davlat chet tillar instituti bilan bog‘liq.
Bugun professor Xurshid Xayrullayev institutning sharqshunoslik fakultetida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat yuritmoqda.