Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qancha?
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq beriladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida ma’lum qilindi.
Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi viloyat hokimliklari tomonidan 1 kishi hisobiga 16 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – 23 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi.
Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qo‘shimcha uy-joy maydoni bir xona tarzida yoki 18 kvadrat metrli umumiy maydon miqdorida beriladi.
Ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir turlari bilan kasallangan fuqarolarga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxat bo‘yicha, shuningdek, bajarayotgan ish sharoitlari va xususiyatiga ko‘ra, qo‘shimcha maydon zarur bo‘lgan fuqarolarga bunday maydon miqdori ko‘paytirilishi mumkin.