Uy, to‘y, mashina... O‘zbekona orzular algoritmi

O‘zbek xalqi - ho-yu havasli. Barchamizning yashash tamoyilimizda bir talay maqsadlar mushtarak bo‘lib, ular orasida dabdabali to‘y qilish, yangi mashina minish orzusi bor. Bu borada imkoniyat, ehtiyojdan ko‘ra havas ustun turadi.
Mashina bisotmi, harakat vositasi?
Rivojlangan mamlakatlarda avtomashinaga faqat A nuqtadan B nuqtaga eltuvchi vosita deb qaralsa, biz bu jonsiz temirni qadrli mulk sifatida bisotimizga aylantirib olamiz. Achinarlisi, muhim hayotiy ehtiyojlarmizni chetlab bo‘lsa-da, «moyi bilan» mashina minishni maqsad qilamiz. Axir bitta yangi ulov minolmasak, «odamlar nima deydi?».
Keyingi yillar avtomobillar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Jamiyatda avtomashinaga nisbatan shakllangan munosabatga ko‘ra, unga bisot, ko‘z-ko‘z qilish vositasi deb qaraladi. Ya’ni, "Moshinang bor, demak, muvaffaqiyatlisan", degan noto‘g‘ri me’yor shakllangan. Bu orzularni tezroq amalga oshirish uchun esa eng qulay yo‘l kredit olish. Kamiga ko‘cha-ko‘ydagi reklama bannerlari, avtosalonlar va banklar "Qulay shartlar", "Bir kunda mashina!" kabi va’dalar bilan mijozlarni o‘ziga chorlab turibdi. Ammo bu kabi moliyaviy tortiqdan shodlanib, kreditning o‘zi foizli qarz ekanligini unutib qo‘yamiz. Ko‘p hollarda, bunday kreditlarda transport vositasi o‘zini o‘zi kafolat sifatida taqdim etadi. Agar ma’lum muddat to‘lov amalga oshirilmasa, bank mashinani musodara qilishi mumkin. Odamlarimiz kreditga avtomashina olayotganda o‘z daromad manbai barqarorligini iqtisodiy inqirozlar, ishsizlik yoki kasallik kabi omillar shu kreditni qaytarish imkonini pasaytirishini hisobga olmay, nafaqat puldan, balki transport vositasidan ham ayrilish xavfiga duch kelmoqda.
Endi ushbu avtomobillarning asosiy talabgorlari haqida birgina misol. Bugun ko‘pgina yoshlarimiz xorijda bo‘lgani holda (mubolag‘a bo‘lsa ham ularning 90 foizi birinchi o‘rinda mashina olish istagida) har oy uyiga pul jo‘natadi. O‘sha pullar tabiiyki, yostiq tagida yig‘ib boriladi. Yillar davomida yemay-ichmay yig‘ilgan pullarga, nihoyat, avtomobil olinadi. Mashina uchun kamida oyiga 200 dollardan yig‘ilganda ham bu pullar muomalada bo‘lmasdan, passivligicha saqlanadi. Boshqa zaruriy ehtiyojlar cheklansa-da, yostiq tagiga qo‘yib borilayotgan bu mablag‘lar mashinaga yetguncha 4 yoki 5 yil o‘tadi. Achinarlisi, yillab yig‘ilgan pulga olingan bu «bisot», egasi kelgach, bir minilib, ketgach, yana darvozaxonada yoki garajda saqlanadi. O‘sha mablag‘lar banklardagi omonat tizimiga yo‘naltirilganda, yoki tadbirkorlikka yo‘naltirilganda bormi..? Balki oila davrasi to‘kis bo‘lib, qayta xorijga borishga hojat qolmasmidi?!
Dang‘illama to‘y vasvasasi
To‘y - bu asli nikoh asnosidagi oilaviy marosim hisoblansa-da, kimo‘zarga bahslashadigan, o‘zining nechog‘li «to‘q»ligini boshqalarga namoyish etadigan tadbirga aylandi. To‘y marosimlaridagi ortiqcha sarf-xarajatlar, ko‘rgazmali dabdabalar, moddiy raqobat maydoniga aylanib borayotgani kuzatilmoqda.
Kimlardir «Odamlar nima deydi», deb qilinayotgan bir kunlik to‘y tufayli bir necha yil uzoq yurtlarda zahmat chekishga majbur bo‘lyapti. Bu «orzu-havas»lar borasida tafovut qisqarib, hech kimning birovdan kam bo‘lgisi yo‘q. Afsuski, bugun o‘sha kimo‘zarlar poygasida qatnashgan “dong taratuvchi”lar «jabrdiyda»ga ham aylanmoqda.
Shunaqa tanishlarimdan biri 20 yildan buyon Rossiyaga qatnaydi. U muhojirlikning ilk yillarida topganiga uy soldi, «uy to‘y» qildi. Keyingi topganiga dang‘illatib sunnat to‘y uyushtirdi. Kimlardandir qarz ko‘tarsa-da, «dushman ko‘zi»ga mashina oldi, «mashina to‘yi» ham qilib berdi. Ammo qarz qaytararda 19 yoshli o‘g‘lini ham o‘zi bilan olib ketdi. Topgani to‘yga buyurayotgan, bugun yoshi bir joyga yetgan tanishimning sog‘lig‘ida nuqsonlar paydo bo‘lib, shifokorlarning ogohlantirishiga beparvo qaradi:
- Do‘xtirlar aytaveradi-da, - deb qo‘l siltadi. Davolanishga go‘yo vaqt ham, imkon ham yo‘qdek. Lekin bir yildan beri, yana bir to‘yiga degan to‘rt bosh qo‘chqor, bir novvos qoziqda. Turfa xil ichimliklar yerto‘lada taxt. Yetmaganiga, yana qarz ko‘tarmoqchi.
Tanish holatmi? Shu tarzda o‘tadigan ko‘p to‘ylar, balki egasiga bir lahza baxtli onlarni taqdim etar. Ammo nimaning badaliga? Yillab yaqinlar diydoridan uzoqdagi, muhojirlikdagi og‘ir hayot evazigami? Yo‘qotilgan sog‘liq, sarf etilgan kuch va umrning gullagan lahzalari evazigami? Eng yomoni, shu kabi «orzu-havas»lar sohiblari uchun og‘ir lahzalar aynan to‘ydan keyin boshlanadi. Yetishmovchilik, qarz qistovi sabab yarimjonligiga qaramay, ota kuyov bolani olib, yana uzoq yurtga ketishga majbur bo‘ladi. Chunki vaqtida farzandining ta’limi bilan qiziqmagan. Endi u ham kasbsiz, hunarsiz muhojirlikka mahkum.
To‘y “ZAGS”idagi avtomobillar korteji uchun 5-6 million so‘m sarflanadi-yu, yosh kelinning reproduktiv holatini yaxshilash uchun 100 ming so‘mlik darmondoriga pul topilmaydi. O‘nlab yashik aroq ortib qoladi-yu, uyida hammomi yo‘q. Qish-qirovli kunga o‘tin, ko‘mir g‘amlanagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, armanlar kelin-kuyovni katta hayotga tayyorlashni to‘ydan ancha oldin boshlab, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, vitamin va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlar ekan. Bizda nikohlanuvchilar uchun majbur tibbiy ko‘rikni ham iloji bo‘lsa, tanish-bilish orqali chetlab o‘tib, oson hal etamiz. Farzandini tibbiy ko‘rikka olib borishni esa hech kim xayoliga keltirmaydi. Axir bitta-yarimta ko‘rib qolsa, nima deydi?
Hali hashamatli to‘y va “ZAGS”ning zavqli damlaridan masrur kuyov visolga qonmayoq, juftining bag‘rini sovitib ketishga majbur bo‘lsa. Dunyoga kelajak ilk farzandi diydorini ko‘rolmasa, nuridiydasini bag‘riga bosolmasa, otalik baxti tatimasa... «Orzu-havas»lar ortidagi jabru sitamlar algoritmi shu tarzda davom etaveradi.
Yer yuzining farovonlik nuqtasi bo‘lgan Amerikada ham to‘y degani yaqin do‘stlar davrasida bitta dimlangan kurka bilan o‘tib ketsa-yu, bizda shuncha dabdaba!
Qani endi to‘y o‘tkazishda manmanlik va riyokorlikdan biroz chekinib, me’yor va mo‘’tadillikni tanlasak. To‘yni «Odamlar nima desa, desin» tarzida o‘tkazib, tejalgan pulga kelin chevarlik qilsa, kuyov biror hunar bilan shug‘ullansa, chorva boqsa-da, oila daromadi oshib, bolalar ota bag‘rida ulg‘ayarmidi? To‘yda nimadir kam bo‘lsa ham, muhimi, oila bag‘ri to‘kis bo‘lsin. Oila kemtik bo‘lib, darz ketsa, unda ko‘ring - odamlar nima deyishini...
Shuhrat NORMURODOV.