Uyda nega “aptechka” yo‘q?
Yaqinda yo‘lda ketayotib, darvoza oldida “tez yordam” kutib o‘zlaricha kim-nimalarni muhokama qilayotganlarni ko‘rib to‘xtadim. Yosh bolaning ahvoli yomon bo‘lib qolibdi, do‘xtirligimni aytib, uyga kirdim.
...Xonada deyarli havo yo‘q, hamma shu yerda. Bechora go‘dak shaytonlab turib, bexosdan tinchib qolgan. Obmork! Hamma o‘zini duxtir sanaydi: birov bola yuziga suv purkaydi, birov oyoq-qo‘lini uqalaydi, yana birovi tanglayiga piyoz po‘stini bosmoqchi bo‘ladi. Shifokorligim tutib, dodlab yubordim:
- To‘xtanglar, hoy insonlar, nima qilyapsizlar?! Axir bu tibbiyotdagi ko‘rsavodlik-ku! Hamma chiqsin, xona havosini tozalash kerak!
Keyin uy egasidan so‘radim:
- Termometr bormi?
- Menda termometr yo‘q, beshta bolani o‘shasiz katta qildim-ku...
- Katta xatoingiz ham shu-da, opa.
- Bint bormi, marli bormi?
- Yo‘q edi...
- Xo‘p, aptechka bormi hech bo‘lmaganda? Unda og‘riqni qoldiradigan, isitmani tushuradigan dorilar, bint, termometr bo‘ladi.
To‘g‘ri topdingiz, bu xonadonda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun hech narsa yo‘q, hatto ular bu haqda tasavvurga ham ega emas. Agar yig‘inib olinsa, juda qimmat ham turmaydi. Hozir puli yo‘q odamlarga buni ta’na qilmoqchi emasman, ammo besh nafar bola ulg‘aygan xonadonda bu ishni allaqachon qilsa bo‘lardi. Biz esa pandemiya sharoitida o‘zimizni ko‘chada ehtiyot qilish haqida gapirib yuribmiz.
To‘g‘risi, bolaga yordam ko‘rsatildi, uyga aptechka ham keltirildi, gigiyena bo‘yicha ozgina tushuncha berishga to‘g‘ri keldi. Biroq hamma o‘zi anglab yetmasa, qancha odamga bu xil yordam berish mumkin...
Murodim UMRZOQOV.