Uyquchi odam: Qishda uyquga ketaman va turli muammolarga duch kelmayman
Amerikalik Artur Gerkening g‘alati odati bor edi. U har yili noyabrda xuddi ayiq singari qish uyqusiga ketardi va aprelda uyg‘onardi.
Uyquchi bu odam 1935 yil sentyabr oyida matbuot “qahramoni”ga aylandi. U haqida maqola “Viskon” jurnalida nashr etilgan, keyinchalik Arturning tarixi butun dunyoga tarqalgan.
Bu holatni u jurnalistlarga quyidagicha tushuntirardi: “Men qish uyqusiga ketaman va har xil muammolarga duch kelmayman. O‘yin-kulgini sog‘inaman, albatta. Asosiysi, noxush narsalardan yiroqda bo‘lib, ularni sog‘inmayman.
Agar hamma odamlar qish uyqusiga ketganda edi, dunyoda bu qadar mashaqqat va global chalkashliklar bo‘lmasdi”.
Psixiatrning fikricha, Gerke nevrozlardan aziyat chekadi. Unda jigar kasalligi bor edi va Artur bundan juda xavotirda bo‘lardi. U “uyqu bilan sog‘lig‘imni tiklayman”, deb ishongan. Ehtimol, to‘g‘ri qilgandir – jigarda o‘zini tiklaydigan ajoyib xislat bor. Muhimi, u spirtli ichimliklar va yog‘li ovqatlardan dam olgan.
Shu bilan birga Artur ishbilarmon edi. Ajablanarlisi, uning uxlashi biznesiga ta’sir qilmagan. U Turkey's Roost (Turk kechasi) nomli bar egasi edi.
Qishki uyqu davrida uning o‘rnini mavsumiy barmen egallardi. “Uyquchi odam” matbuotda e’lon qilinganidan so‘ng, uning shuhrati restoraniga tashrif buyuruvchilarining qo‘shimcha oqimini ta’minlab berdi.
Qizig‘i, nevrologlar yaqinda “uyquchi odam”ning bu holatiga izoh berdi: Odam genetikasida uyquga ketish xususiyatini o‘chirib yoqadigan “kalit” borligini aniqlandi. Agar u to‘g‘ri faollashtirilsa, odam dong qotadi.
Bunday odamda tana harorati pastroq bo‘ladi, metabolizm sekinlashadi va u ovqat talab qilmasdan uxlayveradi. Kalit – bu gipotalamusdagi neyronlar guruhi. Odam uni o‘z xohishi bilan aylantira olmaydi – bu yashirin mexanizm. Artur bu jarayonni o‘zi qanday qilib boshqarganligi hozirgacha sir bo‘lib qolmoqda.
Hozirda olimlar odam gibernatsiyasi (sun’iy uxlash) deb ataladigan masalani faol o‘rganmoqda. Kelajakda bu kosmik uzoq masofaga sayohat qilish uchun ham kerak bo‘lishini nazarda tutib, odamlarda qish uyqusini qo‘zg‘atish mexanizmini ishlab chiqish muhim.
Gerke 1913 yilda “qishlashni” boshladi va 1942 yilgacha odatiga sodiq qoldi. U 59 yoshida jigar xurujidan emas, balki o‘tkir anemiyadan, o‘zi orzu qilganidek, hech qanday muammosiz - tushida vafot etdi.
Bahora tayyorladi.