"UzAuto Motors” avtomobil narxlarini tushirmaslik uchun sudga shikoyat qildi
"UzAuto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat kiritdi. Bu haqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, sud shu yilning 2 oktyabr kuni soat 10:00 da Toshkent shahar ma’muriy sudi binosida bo‘lib o‘tadi.
Sudda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidagi maxsus komissiyaning 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyat arizasi ko‘rib chiqiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidagi maxsus komissiyaning 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorida "UzAuto Motors” AJdan yengil avtomobillar narxining asossiz oshirilgan qismini tushirish va ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish vazifasi yuklatilgan edi.
"Ko‘ramiz sud bu ishni qanchalik mustaqil ko‘rib chiqib, qonunlarga asosan qaror qabul qilar ekan.
Shuncha qiyinchilik bilan xalq roziligi uchun boshni kundaga qo‘yib qilinayotgan ishdan hafsala pir bo‘lmasinda ishqilib", deb yozgan deputat.