“UzAuto Motors” vakili sudga ishni yopiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi

Bugun, 2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudida “UzAuto Motors” AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu ma’muriy ish sudya G‘. Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.

Sud majlisi avvalida arizachi - “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati vakili tomonidan sudga sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritildi.

Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralganidan so‘ng, sud o‘z o‘rnida ajrim qilib, mazkur iltimosnoma ishni ko‘rish jarayonida taraflar tomonidan davlat siri bilan bog‘liq maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sud muhokamasida ko‘rilishi uchun taqdim etilganidan so‘nggina muhokama qilinishi uchun ochiq qoldirildi va sud ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi.

Dastlab so‘z navbati “UzAuto Motors” AJ vakiliga taqdim etilib, vakil o‘z vajida javobgar - O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘tkazilgan tekshirish jarayonida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-sonli qarori noto‘g‘ri tadbiq etilganligi, “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarga narxlar shakllantirilishida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qarori tadbiq etilishi lozimligi, jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning narxini kelishish jamiyatning Kuzatuv kengashi vakolatiga kirishi to‘g‘risidagi vajlar bildirib o‘tildi.

Shuningdek, arizachi vakili tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandi talablari buzilgan holda qaror qabul qilinganligi, chunki Maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritilgan bo‘lsa-da, “UzAuto Motors” AJga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklanganligini bildirdi.

Javobgar vakili tomonidan arizachining vajlariga nisbatan fikr-mulohazalari tinglanganidan so‘ng, mazkur vajlarga nisbatan qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishi to‘g‘risida fikr bildirildi va sud muhokamasi taqdim etilgan qo‘shimcha dalillarni o‘rganish hamda sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish uchun kiritilgan iltimosnoma yuzasidan hujjatlarni o‘rganish uchun keyinga qoldirildi.

Keyingi sud majlisi 2020 yil 9 oktyabr kuni soat 11.00 da o‘tkaziladi.