Uzbekistan Airways Xitoyga muntazam reyslarni 4 fevraldan to‘xtatadi

4 fevraldan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi koronavirus tarqalishi sababli Xitoyga (Pekin va Urumchi) qatnovchi muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Prezident farmoyishi bilan respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Xitoydan qaytarish va mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-nCoV koronavirusining tarqalishi dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida yuz bergan. Keyinchalik yuqtirish holatlari Xitoyning boshqa shaharlarida, shuningdek, Janubiy Koreya, Tailand, AQSh, Kanada, Fransiya, Avstraliya va boshqa davlatlarda qayd etilgan.