Uzoq yillik izlanish, mehnat va mahorat samarasi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati tashabbusi bilan viloyat Matbuot uyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda ayni kunlarda 70 yoshini qarshilagan, 40 yillik hayotini jurnalistika sohasiga bog‘lagan Muzaffar Muqimov faoliyati haqida gap bordi.

Dastlab ustoz va hamkasblari M.Muqimovning uzoq yillar «Lenin yo‘li» (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida musahhih, muxbir, targ‘ibot bo‘limida muharrir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, keyinchalik bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir lavozimlarida ishlab, yuzlab dolzarb mavzularda maqolalar tayyorlagani, o‘nlab shogirdlar yetishtirgani haqida gapirdi.

Ayni paytda SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi hududiy muzeyi direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib, 1929-1938 yillarda viloyatimizda yashagan 4 mingdan ziyod samarqandlik siyosatchi, ijodkor hamda oddiy kolxozchilarning qatag‘onga uchragani va ularning pok nomini oqlashda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgani ta’kidlandi.

- Muzaffar aka bilan uzoq yillar turli gazetalarda birga ishlashdik, - deydi faxriy jurnalist Abdurasul Sattorov. – 1992 yilda yangi tashkil etilgan “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat muxbiri bo‘lib ishlab, o‘sha davrda ko‘plab muammoli maqolalar yozdi. Keyinchalik ushbu gazetaning viloyat muxbiri bo‘lib ishlaganimda Muzaffar akaning maqola yozish amaliyoti, tahliliy materiallar tayyorlash tajribasidan foydalandim. Hozirda SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi hududiy muzeyi direktori bo‘lib ishlayotgan bo‘lsa-da, gazetalarda dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan qatnashib turibdi. Bu ham jurnalistning hamon jo‘shib ijod qilayotganidan dalolat. Hamkasbimiz ijodiga barkamollik tilayman.

M.Muqimovga Samarqand matbuoti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Zarafshon” gazetasining tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.