Vafodor oqqush qariyb 40 yildan beri uni qutqargan odamni tark etmaydi
Turkiyaning Edirna shahrida yashovchi 63 yoshli Rejep Mirzan 1983 yilda katta yo‘lda ketayotib, butalar orasida zo‘rg‘a nafas olayotgan qushni ko‘rib qoladi va uni o‘z fermasiga olib borishga qaror qiladi.
Mirzan oqqushni qariyb bir yil davoladi, tuzalib ketgan qush o‘z qutqaruvchisi bilan qolishga qaror qildi. Rejep oqqushga G‘arip deya ism berdi. Oradan 40 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, G‘arip hamon o‘z qutqaruvchisi bilan birga yashaydi.
Rejepning aytishicha, o‘zining oqqushiga u farzandidek munosabatda bo‘ladi. G‘arip uning eng yaqin do‘sti va fermasining “ikkinchi xo‘jayin”i bo‘lib qolgan - hatto yon atrofdagi itlar ham G‘aripdan qo‘rqishadi va uni hurmat qilishadi.
- Biz bir-birimizga o‘rganib qolganmiz. Biz hech qachon ajralmaganmiz, - deydi Rejep Mirzan.
Aytgancha, G‘arip nihoyatda uzoq umr ko‘rishi bilan boshqa oqqushlardan ajralib turadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, odatda tabiatda oqqushlar ko‘pincha 12 yilgacha umr ko‘radi, fermer xo‘jaliklarida esa 30 yilgacha yashaydi. Mirzanning oqqushi hozirda haqiqiy rekordlarni namoyish etmoqda, deb xabar beradi “Ginnesning rekordlar kitobi”.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.