Vakillarimiz xalqaro “To‘maris kubogi” sohibi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi “Sartepa” sport majmuasida kamondan otish bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “To‘maris kubogi” ikkinchi xalqaro turnirida yurtimiz vakillari bilan birga Bangladesh, Hindiston, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan 55 nafar mergan g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
To‘rt kun davom etgan bahslarda sportchilar kamondan otishning olimpik raundi va jamoaviy bellashuvlar bo‘yicha qatnashdi.
Murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, olimpik raundi yo‘nalishida qozog‘istonlik sportchi Luiza Saydiyeva g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, hamyurtlari Madina Zayemova hamda Alua Muxtarxanova keyingi o‘rinlarni band etdi.
Merganlar o‘rtasidagi jamoviy bahslarda terma jamoamiz bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni "Qozog‘iston-2" va uchinchi o‘rinni "Qozog‘iston-1" jamoasi egalladi.
- Terma jamoa tarkibida 4 yildan buyon kamondan otish sporti bilan shug‘ullanaman, - deydi terma jamoamiz yetakchisi Ziyodaxon Abdusattorova. - Jamoamiz xalqaro va mamlakat chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Bu galgi musobaqada ham munosib ishtirok etdik va bosh sovrinni qo‘lga kiritdik.
Endi dekabr oyida Dubayda o‘tkaziladigan Osiyo kubogida chempionlik uchun kurashamiz.