“Valixo‘jayevga so‘z bergandim”

Yaqinda mustaqillikning o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalarda mehnat qilgan bir guruh fidoyi xodimlar davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular ichida II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan samarqandlik faxriy pedagog Xadicha Vafayeva ham bor.

Xadicha opa bilan suhbatimiz yoshlik damlari, pedagogik faoliyati, turmush o‘rtog‘i akademik Botirxon Valixo‘jayev bilan kechirgan umri haqida bo‘ldi.

- Samarqand shahrining Toshkent ko‘chasida kinoxona bor edi, lekin hech kinoga bormasdim, - deb eslaydi Xadicha opa yoshligini. - Nima bo‘ldi-yu uyimizga mehmonga kelgan jomboylik xolamning qizi kinoga borishni taklif etdi. Taqdirni qarangki, o‘sha kuni domla ham o‘rtoqlari bilan kinoga tushgan ekan. U kishi ham aslida hech kinoga bormas ekan. Xullas, biz oldingi qatorda o‘tirdik, kinoni ko‘rdik, chiqib ketishimizda domla meni ko‘rib qolgan ekan. O‘sha vaqtda qizlar yigitlarga qayrilib qaramasdi. Biz hech kimga e’tibor bermay, uyga qaytdik.

Domla o‘rtoqlari bilan ortimizdan kelib, uyimizni aniqlab ketgan, ammo men buni bilmaganman. Keyin uyimizning yonida choyxona bor edi, o‘sha yerga u kishi otasini olib kelgan. Ular mening uydan chiqishimni, choyxonaning yonidan o‘tib-qaytishimni kuzatgan. Bu ham yetmagandek, domla meni boshqalardan ham surishtira boshlagan. O‘sha paytda Samarqand davlat universitetining matematika fakultetida 1-kursda o‘qirdim. Domla bir o‘rtog‘iga meni ko‘rsatsa, “Jo‘ra, men bu qizni taniyman, uning sinf rahbariman”, debdi. Sinf rahbarimiz G‘iyos Baxriyev matematikadan dars berardi.

Botirxon Valixo‘jayev sinf rahbarimizga meni yaqindan ko‘rish niyati borligini aytibdi. Shunda uch o‘rtoq o‘zaro kelishib, bir reja tuzibdi. Auditoriyada o‘tirsak, G‘.Baxriyev kelib qoldi. U biz, talabalarga “Hozir domlalar sizlarga doklad uchun mavzular beradi, tushunmagan joylaringizni so‘rab olinglar”, dedi. So‘ng ikki nafar yosh domla kelib, biz bilan biroz savol-javob qildi. O‘zlarida mavzular borligini, bizga taqsimlab berishini va ko‘pchilikning oldida o‘qib berishimizni aytishdi. Tortinchoqligim bois ko‘pchilikning oldida gapirolmayman, deb mavzu olishdan bosh tortdim. Yosh domlalar negadir majbur qilishmadi, mavzularni boshqa kursdoshlarimga berib ketishdi. Mavzu olgan kursdoshlarim doklad qilishga rosa tayyorlanishdi. Ammo ular kutganidek ko‘pchilikning oldida emas, o‘zimizning kursimiz ichida o‘qib berishdi. Yosh domlalardan biri Botirxon Valixo‘jayevning o‘zi hatto taqdimotga kelmadi. Aslida shu arzimas bahona bilan u kishi meni yaqindan ko‘rib ketgan ekan. Men o‘shanda sochlari uzun, qoshlari qora, chiroyli qiz edim.

Shundan so‘ng uyimizga sovchilar keldi. O‘zaro suhbat jarayonida bilishsa, domlaning otasi bilan amakim bir joyda ishlagan ekan. O‘sha kunlari menga ko‘p joydan sovchilar kelayotgandi. Amakim dadamga “Qizingizni bersangiz shu yigitga bering, ularning nasli toza, o‘qigan, ziyoli oila”, deganini eshitdim.

Kattalarning o‘zlari kelishib, meni unashtirib qo‘yishdi. Biz ikki yarim yil unashtirilgan turdik, ammo bu davrda biron marta uchrashmadik ham, gaplashmadik ham.

ZAGSga tramvayda bordim

Bir kuni yangam “Tayyorlaning, ZAGSga boramiz”, deb qoldi. Avvaliga ko‘nmadim, yangam bormasak bo‘lmaydi degach, havo sovuq bo‘lganligi uchun egnimga plash va boshimga jun ro‘mol o‘rab chiqdim. Hech qanday yasan-tusan qilmadim. Yangam bilan tramvayda yangi shaharga keldik. Kinoteatrning oldida ZAGSxona bor ekan. Kuyov bola jo‘rasi bilan bizni kutib turgan ekan. Uyalganimdan kuyovning qo‘lidagi gulni ham olmabman, gulni yangam oldi. Xullas, ichkariga kirdik, ko‘rsatilgan joyga imzo qo‘yib, darhol uyga qaytibman, kuyov bilan gaplashmabman ham. Hatto ular biron joyda o‘tiramiz deb meni izlab qolishibdi. O‘sha zamonning qizlari mana shunday tortinchoq, iboli-hayoli edi.

Bir kuni u kishining onalari kelib: “O‘g‘lim ilmiy ishini himoya qilib olsin, keyin to‘yni o‘tkazamiz. To‘y nega cho‘zilyapti, deb hayron bo‘lmanglar, biz ayniganimiz yo‘q”, deb ketibdi. Ammo otasi betob bo‘lib qolgani uchun noyabr oyining o‘rtalarida tezda to‘yimizni o‘tkazishadigan bo‘lishdi. To‘y odmigina bo‘ldi, 100 kishiga yaqin odam qatnashdi. Hozirgi to‘ylarni va ulardagi dabdabalarni ko‘rib hayron qolaman. Avvalo, har kimning baxtini bersin!

To‘ydan keyin qaynotam tuzalib ketdi. U kishi betobligida qarab, duolarini olganman. Men ushbu xonadonga katta kelin bo‘lib tushdim. Qaynota, qaynonam, uch nafar qayinsinglim va ikki nafar qayinukam bilan birga ahillikda yashadim.

Otam turmushga chiqishimdan oldin: “Qizim, kuyovimni va oilasini hurmat qilgin, ular ziyoli odamlar. Bu yerdagi erkaligingni ularga qilma”, dedi. Haqiqatda men biroz erka edim. Qishin-yozin kechqurun qovun yeydigan odatim bor edi. Mabodo, uyda qovun tugagan bo‘lsa, otam ishdan kelardiyu, bozorga ketardi. Meni haddan ortiq yaxshi ko‘rganidan erkaligimni ko‘tarardi, faqat qizim deb, yaxshi gapirardi. Hech qachon otamdan yomon gap eshitmaganman.

O‘n yil bog‘chada ishlab, bir qoshiq ovqatidan yemadim

1960 yil universitetni tugatdim. Samarqand shahridagi 5-maktabga ishga kirdim. Maktabda matematika fani o‘qituvchilari ko‘p ekan. Matematika fanidan dars yo‘qligi uchun avvaliga mehnat fanidan dars oldim. Keyinroq fizika fanidan dars berishdi. Qariyb 20 yil fizikadan o‘quvchilarga ta’lim berdim.

O‘quvchilarimni o‘z bolamdek yaxshi ko‘rardim. Darsda o‘quvchilardan birortasining ko‘zi yumilib ketayotgan bo‘lsa, konfet berardim, uyqusi ochilib ketardi. Doim o‘zim bilan igna, ip olib yurardim. Biror bolaning tugmasi uzilib tushsa, darrov tugmasini qadab berardim. O‘quvchilarim ham darsda odob bilan o‘tirardi, o‘qituvchining oldida janjal-to‘polon qilmasdi.

Maktabda fizika fani o‘qituvchilari ham ko‘p edi, shuning uchun dars soatlarim kamayib ketdi. Kunlarning birida kutilmaganda menga bog‘cha mudiraligini taklif qilishdi. Samarqand tumanidagi bolalar bog‘chalaridan biriga mudira bo‘lib ishga kirdim. Bu vazifa boshida notanishdek tuyulgan bo‘lsa-da, bog‘chada yaxshi ishladim. Uch yildan keyin shahardagi 22-bolalar bog‘chasiga mudira bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im bog‘chada ishlashimga qarshi edi. To‘g‘rirog‘i, u kishi bolalarning haqini yeyishimdan qo‘rqardi. Oxiri turmush o‘rtog‘imga bog‘chada hech narsa yemaslik va uyga hech narsa olib kelmaslikka so‘z berdim. Shundan keyin so‘zimning ustida turib, bog‘chada biror narsani tatib ham ko‘rmadim. Agar oshpazlar ovqatning tuzini ko‘rib bering deyishsa, hamshiraga aytinglar, derdim. 1986 yilda shu bog‘chadan pensiyaga chiqdim, ammo uyda ko‘p o‘tirolmadim, zerikdim. Doim harakatda ishlab yurgan odam uyda bekor o‘tirolmas ekan. Xullas, pensiyaga chiqqanimdan keyin biroz muddat to‘qimachilik bilim yurtida, keyin shahar xalq ta’limi bo‘limida, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limida ishladim. Hozir ham viloyat nuroniylar jamoatchilik kengashi a’zosiman. Qayerda mehnat qilgan bo‘lsam, samimiy, dilkash odamlar bilan hamsuhbat bo‘ldim. Biron kishi bilan “sen-men”ga bormadim. Qayerda mehnat qilgan bo‘lsam, halol, fidoyi, intizomli mutaxassis sifatida qadrlandim. Kamtarona mehnatlarim bugun ham hukumatimiz tomonidan taqdirlanayotgani meni xursand qildi. Buning uchun Prezidentimiz va hukumatimizdan minnatdorman.

Turmush o‘rtog‘im to‘y-marakada o‘n besh minutdan ko‘p o‘tirmasdi

Domla universitetga faqat darslari bo‘lsa borardi. Qolgan vaqtlari uyda o‘qish-yozish bilan band bo‘lardi. Hech qachon ulfatchilik qilmasdi, to‘y-marakalardan ham tezda qaytardi. Biror zarur to‘y chiqib qolsa, o‘n besh minutdan ko‘p o‘tirmasdi, hatto men darvozani yopib ulgurmasimdan qaytib kelardi. “Darrov qaytibsiz, maraka tamom bo‘ldimi?” desam, “Tabrikladim, bo‘ldi-da”, derdilar.

Turmush o‘rtog‘im otamnikiga borsa ham ko‘p o‘tirmasdi. Boshida otam nega ovqat pishguncha o‘tirmaydi, deb xafa bo‘lardi. Keyinchalik u kishining xarakterlariga o‘rganib qolgach, eshikdan kelishlari bilan kulib, necha daqiqaga keldingiz, deb so‘raydigan bo‘ldilar. Biroz onamning yonida qolmoqchi bo‘lsam, otam unamasdilar: “Birga keldingmi, birga ketaver”, derdi.

Onam oppoq dasturxon to‘shab, hamma narsani tayyorlab, ustini yopib, otamning ishdan kelishini bayramdek kutib olardi. Otamni juda hurmat qilardi. Turmush o‘rtog‘ni qanday hurmat-izzat qilishni onamdan o‘rgandim. Umr yo‘ldoshim bilan 50 yil yashagan bo‘lsam, faqat bir-birimizni avaylab, yaxshi gapirib, ko‘nglimizga qaradik. Doim bir-birimizga sizlab muomala qilardik.

Biz to‘rt qiz va ikki o‘g‘ilni birgalikda tarbiyaladik. Ikkinchi qizim Farida fan nomzodi bo‘ldi. Katta o‘g‘lim maktab direktori, ikki nafar farzandim huquqshunos. Bugun qirq nafarga yaqin nevara, evara, ikki nafar chevaraning buvisiman.

Botirxon Valixo‘jayev bilan sevib-sevilib, baxtli hayot kechirdim. Hayotim mazmunli o‘tdi.

Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.