Vaqt va xarajatlarni tejashni qachon o‘rganamiz?

Yurtimizda uchinchi sektor - nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish, ularning davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil qilishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sohani takomillashtirish, ayni vaqtda ular faoliyatini tashkil etishni soddalashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan. Albatta, ularda belgilangan vazifalar muayyan izchillikda, bosqima-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 4 maydagi farmoni bilan Adliya vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda NNTlar faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni elektron taqdim etish imkoniyatini ta’minlovchi elektron tizim ishlab chiqish va joriy etish vazifasi belgilangandi.

Shu asosda NNTlar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarini va ularning ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga doir hujjatlarni adliya organlariga elektron tarzda yuborish imkonini beradigan “e-ngo.uz” elektron tizim ishlab chiqildi.

Bu tizim orqali nodavlat notijorat tashkilotlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobot topshirishi ham mumkin.

Qolaversa, chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishishga doir hujjatlarni va amaliyotga joriy etilib, yil boshida nodavlat notijorat va diniy tashkilotlarning o‘tgan bir yillik faoliyati bo‘yicha hisobotlari ushbu elektron tizim orqali qabul qilindi.

Biroq yarim yilga yaqin vaqt o‘tayotgan bo‘lishiga qaramasdan, mazkur elektron tizimdan to‘liq xabardor bo‘lmaganligi, ayrim hollarda esa bu tizimda ishlash ko‘nikmasi yo‘qligi, ba’zi hollarda esa e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lganligi sabab NNTlar, shuningdek, yangidan tashkil etilayotgan tashabbuskor guruhlar tomonidan yuqorida qayd qilingan hujjatlarni hamon pochta aloqasi orqali yuborish yoki shaxsan o‘zlari kelgan holda adliya boshqarmasiga topshirish hollari davom etmoqda.

Bugungi kunda viloyat adliya boshqarmasida 805 ta nodavlat notijorat hamda 307 ta diniy tashkilotlar davlat va hisob ro‘yxatidan o‘tgan. Demak, bitta tashkilotdan bir kishidan kelganda ham hisobot davrida minglab odam boshqarmaga kelib yurishiga hojat yo‘q.

Qolaversa, “e-ngo.uz” elektron tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif berish imkoniyati ham yaratilgan.

Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, qimmatli vaqt va xarajatni tejashni qachon o‘rganamiz?

Norqul SAFAROV,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lim boshlig‘i.