Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vaqtdan  unumli foydalanyapsizmi?

Vaqtdan unumli foydalanish, uni aniq maqsad sari yo‘naltirish kun tartibi, ish rejasi evaziga fursatni barakali qilish har kishining o‘z qo‘limizda. Ko‘pchilik mashhur insonlar kechqurun ertangi kun uchun reja tuzib olishgan. Biror daqiqa bekorga ketmagan.

Xo‘sh, bugun-chi? Odamlar vaqtlarini qanday taqsimlamoqda? Ular o‘z qimmatli vaqtlarini nimalarga sarflayapti? Bolalar bo‘sh paytlarida nima bilan mashg‘ul?

Zamon tez rivojlangan sari barcha sohalarda turli qurilmalar kashf qilinmoqda. Ayniqsa, hayotimizni aloqa vositalarisiz tasavvur qilish qiyin. Qayerga qaramang, qo‘llarida turli rusumdagi telefonlarni ko‘tarib yurgan yoshlarni ko‘rasiz. Ularning aksariyati esa o‘sha matohdan boshini ko‘tarmaydi. Hatto 2-3 yoshli bolalar ham telefonni ko‘rsa, yig‘idan to‘xtayapti. Atrofingizdagilar yosh bolalari va nabiralari telefon so‘rab, bezor qilishidan shikoyat qilishadi.  

- Nabiram telefonga mukkasidan ketgan, - deydi oqdaryolik Jo‘raqul aka. – Bermasangiz yig‘laydi, injiqlik qiladi. Uch yoshli bola televizordagi multfilmlarning o‘rniga telefonda yoshiga mos ko‘rsatuvlarni to quvvati tugagunicha tomosha qiladi. Bir nechta o‘yinlarni o‘ynashni biladi. Uni qanday qilib bu yo‘ldan qaytarishni bilmayapman.

Ayrimlar buni ijobiy qabul qiladi, bolaligidan gadjetlar bilan ishlashni o‘rganib olsa, hayotda qiynalmaydi, deyishadi. Ammo salomatlik-chi? Uyali aloqa qurilmalari  inson salomatligiga, ayniqsa, bolalarning sog‘lom bo‘lib o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Kattalar-chi? O‘zimizning qo‘limizdan telefon tushmagandan keyin bolalardan nima kutamiz?

- Yaqinda mashhur bir xonandaning yubiley konsertiga tushdim, - deydi hamkasblarimdan biri. – Zo‘rg‘a chipta topib kirdik. Tashqarida qolib ketganlar anchagina edi. Ishonsangiz, yonimdan o‘tirgan bir yigit konsertning boshidan oxirigacha telefonda boshqa bir xonandaning qo‘shiqlarini eshitib o‘tirdi. Falon pulga bilet olib, qimmatli vaqtini ajratib, konsertga kirsa-yu, miriqib xordiq chiqarish o‘rniga telefon kovlab o‘tirsa, g‘alati tuyularkan.

AQShlik shifokorlar mobil telefonlar organizmdagi «uxlab yotgan» turli kasalliklarni qo‘zg‘ashidan tashqari, ularning kelib chiqishiga ham sabab bo‘lishini isbotlashgan. Ayniqsa, yosh bolalarda miya saratonini keltirib chiqararkan. Telefonni ko‘p o‘ynash oqibatida ulardagi bezovtalangan miya ruhiy holatga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Soatlab mashg‘ul bo‘lganidan hatto och qolganini ham sezmay, oshqozon kasalligiga chalinadi. Ko‘z kasalligi haqida aytmay qo‘ya qolay.                    

Yaqinda bir fermer tanishim «endi, qo‘lida telefoni bo‘lganlarni ishga olmayman», deb qoldi. Negaligini so‘rasam, juda qiziq javob berdi. Ertalab ikki nafar ishchisini dalaga jo‘natsa, ekinlarga suv bostirib yuboribdi. Ikkalasi ham telefonda o‘yin o‘ynab, vaqtida suvni yopishni unutgan ekan. Yoki traktorchisi telefondagi o‘yinga chalg‘ib, katta ariqqa tushib ketibdi.

Yana bir hamqishlog‘imiz o‘z qizini bir savdo firmasiga hisobchi qilib ishga qo‘ygan ekan. Bir oy o‘tmasidan ishdan bo‘shatib yuboribdi. Otasi borib sababini so‘rasa, qizi ish o‘rganish o‘rniga telefondan bo‘shamas ekan. Qachon qarasa, «Tik-tok»da yoki «Instagram»da o‘tirar ekan, hatto tushlik vaqtida ham.  

Bugun eng chekka mahalla va qishloqlarda qurilgan mini stadionlarda futbol, voleybol, basketbol kabi sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin. Kutubxonalarda o‘tirib, kitob o‘qib, bilimdonlar bellashuvida qatnashib, mashinali bo‘layotganlar bor. O‘z aqli bilan «Zakovat» o‘yinlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘layotganlar kammi? Lekin telefon va internetda turli o‘yinlarga mukkasidan ketib, qimmatli vaqtini besamar o‘tkazayotganlar ham afsuski juda ko‘p.

Vaqtimda baraka bo‘lsin, deganlar kun tartibi tuzib, unga amal qilishi lozim. Ishlarini reja asosida qilishi kerak. «Ish boshi – intizom», deb bejizga aytilmagan. Tartib-intizom bo‘lgan joyda muvaffaqiyat bo‘ladi. Shuning uchun o‘zingizga kunlik, haftalik, oylik rejalar tuzib oling. Rejalarga imkon qadar amal qiling, mabodo birortasi amalga oshmay qolsa, keyingi kundagi rejalarga zarar yetkazmagan holda qoldirilgan ishingizni amalga oshiring. Yo‘qsa, maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Siz-chi, vaqtingizni qanday o‘tkazyapsiz?

Dilmurod TO‘XTAYeV.