Vaqtincha saqlanayotgan g‘alla yomg‘irda qoldimi?

Joriy yilda viloyatimiz g‘allakorlari 94,2 ming gektar yerdan 820 ming tonna hosil yig‘ishtirib oldi. 235 ming tonnadan ortiq g‘alla shartnoma asosida davlatga sotildi. Qolgani fermer xo‘jaliklar ixtiyorida va vaqtincha saqlash omborxonalariga joylashtirildi.

Ammo bir necha kun oldin yoqqan yomg‘ir vaqtincha saqlash omborlariga joylashtirilgan g‘allaga zarar yetkazganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik haqiqat? 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatda 4 ta don korxonasi, 1 ta filial, 2 ta don klasteri va ularga qarashli 13 ta don qabul qilish maskanlari mavjud. Ushbu don qabul qilish maskanlarining ochiq maydonlarida 153,3 ming tonna g‘alla qabul qilingan. Donning 129,8 ming tonnasi korxonalarning elevatori yoki yopiq omborlariga hamda birja savdolari orqali sotish uchun tashib ketilgan. 

– 23 oktyabr holatiga ko‘ra, Chelak shaharchasi, Payariq, Oqdaryo, Samarqand va Ishtixon tumanidagi don qabul qilish maskanlarining ochiq maydonlarida 23,4 ming tonna g‘alla qoldig‘i mavjud, - deydi «O‘zagroinspeksiya» viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Rashid Sobirov. - 16,5 ming tonna g‘alla maxsus maydonlarda usti yopilgan holda saqlanmoqda. Jamg‘arma hisobidagi ochiq maydonlarda saqlanayotgan 6,9 ming tonna g‘alla don korxonalarining elevatorlari va yopiq omborlariga tashilmoqda. 

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 iyunda «2023 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadigan tovar bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish xarajatlari tijorat vakili va don yetishtiruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda ushbu bug‘doyni tashib keltirish uchun transport xarajatlari yetishtiruvchilar hisobidan amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, bug‘doy yetishtiruvchilarning xarajatlarini oshirib yubormaslik uchun vaqtincha saqlashda turgan 16,5 ming tonna g‘alla birja savdolari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu yerning o‘zidan sotiladi.

Ochiq maydonlardagi g‘allaning yopiq sig‘imlarga o‘z vaqtida kiritilishi yuzasidan Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Oqdaryo, Payariq va Samarqand tuman hokimlariga qonunbuzilish holatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgan. 

O‘ktam Xudoyberdiyev.