Vashington ustida NUJlarning ommaviy paydo bo‘lish sababi nimada edi? Kelajakda bunday tashriflardan xavfsirash kerakmi?
1952 yil 20 iyunda ertalab soat to‘rtda Vashington aeroporti markaziy dispetcherlik xonasida sarosima boshlandi. Barcha radiolokatorlar ekranlarida yettita noma’lum ob’yekt yaqqol ko‘zga tashlanardi. Ko‘p o‘tmay sirli ob’yektlar Endryus aviabazasi lokatorlarida ham qayd etildi. Ob’yektlar aql bovar qilmas tezlikda uchib borardi, ammo shahar ustiga borganida biroz vaqt harakatdan to‘xtab, uncha katta bo‘lmagan balandlikda muallaq turib qoldi. Ularning shakli likopchani eslatardi. (“NLO” jurnali, 2002 yil, 24-son)
Xabarning davomini qisqartishlar bilan e’tiboringizga havola etamiz.
“Ko‘p o‘tmay to‘rt ob’yekt osmono‘par binolar tomiga tegmasdan goh yuqoriga, goh pastga sho‘ng‘ib sirli harakatlar qila boshladi. Qolgan uchtasidan ikkitasi, Oq uy ustida, bittasi – Pentagon ustida muallaq qotdi.
Ertalab Vashington aholisi havo trevogasi bilan uyg‘otilib, radio va televideniye orqali odamlarga shahardan chiqmaslik haqida maslahat berildi. Sarosima boshlandi.
Barcha yo‘lovchi samolyotlar parvozi bekor qilindi. Yaqindagi harbiy aerodromdan yettita F-97 qiruvchi samolyoti havoga ko‘tarildi. Ularga odamlar tinchini buzgan sirli ob’yektlarni ushlash vazifasi qo‘yildi. Ammo qiruvchilar NUJ (noma’lum uchuvchi jism)lardan biriga yaqinlashgan zahoti u va qolgan oltitasi sirli ravishda 90 darjaga keskin burilib ulkan tezlikda shimoli-sharq yo‘nalishida g‘oyib bo‘ldi.
Osongina g‘alabadan ruhlangan qiruvchilar yana biroz Vashington osmonida patrullik qildilar va keyin aerodromga qaytdilar. Samolyotlar g‘ildiraklari qo‘nish yo‘lagiga tegar-tegmas shahar ustida yana o‘sha tanish yettilik paydo bo‘ldi. Qiruvchilar yana ularni ushlash uchun havoga ko‘tarildilar. Uchuvchi ob’yektlar - NUJlar qiruvchilarni mazax qilgandek yana burilib, bu safar janubi-sharq tomonga qarab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Nima uchundir 1952 yili Vashington NUJlarning jiddiy diqqat markazida bo‘ldi. Yoki shahar ularning noyob texnik imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qiluvchi arena vazifasini o‘tadimi? Uchuvchi likopchalar o‘sha yili yozda Varshava, Dehli, Nyu-York, London, Madrid, Tokio... va boshqa shaharlar ustida ham paydo bo‘lib, odamlar ko‘ngliga g‘o‘lg‘o‘la soldi.
1952 yili 12 avgustdan 13 avgustga o‘tar kechasi ro‘y bergan hodisa hammasidan oshib tushdi. Hali 20 iyuldagi voqeadan keyin o‘ziga kelib ulgurmagan Vashington uzra kechasi soat birdan tonggi to‘rtgacha radiolokatorlar shahar ustiga 68 marta NUJlar paydo bo‘lganini qayd etdilar. Oldingi safargi muvaffaqiyatsiz parvozdan keyin harbiylar havoga kiruvchi samoloyotlarni ko‘tarmadilar. Aql bovar qilmas bu tashrif nima bilan tugashini hamma nafaslarini ichiga yutib kutdilar. O‘sha hodisa guvohlaridan birining eslashicha, barchani dahshatli qo‘rquv qurshab olgan, uchar likopchalar haqidagi zamonaviy qo‘rqinchli filmlar ham uning oldida ip esholmas ekan.
Shunisi ajablanarliki, ikkinchi kuni tundagi voqealardan mutlaqo bexabar juda ko‘p shaharliklar tibbiy yordam so‘rab shifoxonalarga murojaat qilganlar. Ular bosh og‘rig‘i, yurak tez urishi, ko‘ngil aynishidan shikoyat qilishgan. Qizig‘i, ular orasida hodisani gallyusinatsiya – ko‘zga ko‘rinish deb bilganlar ham uchradi. Bir firmada kotiba bo‘lib ishlaydigan 25 yoshli Jenni o‘sha oqshom ancha kech uxlashga yotdi. Uyqu ilita boshlaganida ayol xonada o‘zi yolg‘iz emasligini his etdi. U uyqusini qochirib, xonani ko‘zdan kechirdi va... va derazada ulkan taqvodor – xudojo‘y kimsani eslatuvchi uzun kiyimli sharpaga ko‘zi tushdi. Jennining xonasi 20-qavatda joylashgandi, u do‘stlaridan biri shubhali hazil qilishini aqliga sig‘dirolmasdi. “O‘g‘rimikan, hozir tashlanib, jo‘jadek ezib tashlasa-ya?” Jenni to‘shagidan sakrab tushib xalatini nari beri yelkasiga tashladi-yu, o‘zini tashqariga urdi. Biroq...u zinadan tushib ko‘cha yo‘lkasiga chiqar ekan, qorong‘u osmon bilan uylar orasida nur sochayotgan sharga ko‘zi tushdi. U Jenniga qarab, tezlik bilan yaqinlashardi. Sirli ob’yekt qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan ayolga o‘n metrlar qolganida taqqa to‘xtab yo‘lak ustida muallaq turib qoldi. Uning ichi yop-yorug‘ edi. Jenni sinchiklab qarab shar ichida xonasida ko‘rgan o‘sha taqvodorga o‘xshash juda ko‘p mavjudotlar borligini ko‘rdi.
Negadir Jenni oldingi qo‘rquvni ham, qiziqishini ham his etmay qo‘ydi. Unga ro‘y berayotgan hodisa mutlaqo tabiiydek tuyuldi. Shar ichidagilardan biri qizni imlab, o‘rtada turgan uncha baland bo‘lmagan yaltiroq stol ustida yotishini buyurdi. Ayol uning izmiga bo‘ysundi. Keyin nima bo‘lgani Jenni xotirasidan o‘chirib tashlangan...
Turgan gap ayol o‘zi bilan bo‘lgan bu sirli hodisa tushimi yoki o‘ngimi ekanligini aniqlash uchun ruhshunos vrachga murojaat qildi. Axir, bu xayolida bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin-da! Qolaversa, o‘sha tundagi voqeadan keyin uning o‘ng qo‘lida og‘riq paydo bo‘lib, bir necha joyi shishgandi.
Shifokorlar rentgenda Jennining qo‘lini tekshirib ko‘rdida va... va teri ostida no‘xatdek keladigan begona jism borligini aniqlashdi. Biroq ayol operatsiyadan voz kechdi. Vrachlar ayolga ruhiy soppa-sog‘ ekanligini aytishdi. “Buni sirli shar ichidagilar qo‘limga o‘rnatgan bo‘lsalar kerak” degan o‘y keldi Jennining xayoliga.
Afsuski, bu voqeaning davomi bo‘lmadi. Vrachlar Jennining qo‘lida sirli jismni aniqlashganidan ko‘p o‘tmay, ayol izsiz g‘oyib bo‘ldi....
O‘shandan buyon sakson yilga yaqin vaqt o‘tayapti. Biroq ko‘pchilik amerikaliklar 1952 yildagi NUJlar tashrifini unutishgani yo‘q. Vashington aholisi o‘sha qo‘rqinchli kunlarda chinakam ruhiy dahshatni boshdan kechirgandilar”.
Vashington ustida NUJlarning ommaviy paydo bo‘lish sababi nimada? Kelajakda bunday tashriflardan xavfsirash kerakmi? O‘sha hodisa haqida batafsil hikoya qilingan, kitoblar, risolalar yozilgan bo‘lsa-da, afsuski, bu savollarga hanuz javob topilgani yo‘q.
T.Shomurodov tayyorladi.