Vatan bayrog‘i - ajdodlardan meros tinchlik mayog‘i
Xabar berganimizdek, Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Registondan boshlandi. Maydon markazida harbiylar ishtirokida 20x40 metr o‘lchamdagi bayroq yoyilib, uning atrofini qo‘llarida tug‘ tutgan yoshlar o‘rab olib, o‘ziga xos manzara hosil qilindi. Buni mahalliy va xorijiy sayyohlar katta qiziqish bilan kuzatib turdi.
- Samarqand maftunkor shahar, - deydi fransiyalk sayyoh Kristofer Gift. – Ayniqsa Registon ansambli. Bugun bu maydon yanada chiroy ochgan. Aynan mamlakatingiz bayrog‘i qabul qilingan kun arafasida O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turganimdan xursandman. Bayramda ishtirok etib, chiroyli bayroqlarni ko‘targan o‘zbek yoshlari bilan suratga tushdik. O‘zimga esdalik uchun videotasvirga ham olyapman. Bu men uchun sharaf.
Katta bayroqni ko‘targan harbiylar, velosipedli yoshlar, ichki ishlar va milliy gvardiya boshqarmasi otliq va mototsikl otryadlari, texnika vositalari Registondan Ko‘ksaroy maydoni tomon harakatlandi.
Bayram mazkur maydondagi ulkan bayroq ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bilan davom etdi. Tadbirda shoir va yozuvchilar hamda taniqli san’atkorlarning chiqishlarida Vatanimiz bayrog‘i madh etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov ishtirok etdi.
Sanaga bag‘ishlangan viloyatning asosiy bayram tadbirlari kunning ikkinchi yarmida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm maskanida Havo shari yordamida bayrog‘imizni samoga uchirish bilan yakunlanadi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).