Vatan himoyachisi kim?

Do‘stlarim qo‘ng‘iroq qilishyapti...

“Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin!”

“Bayramingiz bilan!”

“Tadbirda ko‘rinmadingiz...”

Bir hamkasbimning so‘zlari moydek yoqib ketdi,  nima emish, 14 yanvar jamiki jurnalistlarning ham bayrami ekan, ular jamiyatimizni, mamlakatimizni asrimizning atom bombasidan-da kuchli bo‘lgan “axborot xurujlari”dan himoya qilar ekan.

Harbiy salohiyat hamma davrlarda ham mamlakat nufuzini, uning kuch–qudratini namoyon etgan. Armiyasi qudratli mamlakatlar boshqa sohalarda ham kuchli bo‘lgan. Kuchsizlar asrlar davomida bosib olingan, zabt etilgan. 

 Bugun esa zamon o‘zgardi. Bir yurtni bosib olish uchun qurol ko‘tarib borish “modadan qolgan”. Vatan himoyasi ayni kunda faqat qo‘liga qurol tutgan chegarachilaru favqulodda vaziyatlarda zudlikda safarbarlikka jalb etiladigan harbiylargagina bog‘liq emasligi aniq bo‘lib qoldi.

Tinchlik - oliy ne’mat. Bu qarash hamma davrlarda, hamma zamonlarda hech qachon o‘zgarmaydi.

Dunyo qalqib turibdi. Barcha okeanortini, demokratiya gullab yashnagan zaminni xavotir bilan kuzatmoqda. AQShday mamlakat saylov natijalarini bir yoqli qilolmasa – bu nima degan gap! Armani va ozarbayjon birodarlarimiz qalblarimizga solgan jarohat izlari hali bitmagan. Amerika Rossiyaga, Xitoy Amerikaga “tish qayragan”. Xullas, dunyo siyosatida behalovatlik hukm surmoqda.

El boshiga ish tushsa, hamma bir yoqadan bosh chiqaradi (Alloh o‘zi asrasin!). Tinchlik, osudalik hukm surayotgan, iqtisodiy qiyinchiliklar vaqtincha bo‘lgan (Ilohim shunday bo‘lsin!) bugungi davrda yurt himoyasi uchun hamma birdek javobgar ekanligini his qilasan.

Demoqchimanki, bugun erkaklarning bayrami, degan qarash ham biroz zamonaga mos kelmay qoldimi, deyman! Erkaklar, albatta, oilamiz ustuni, suyangan tog‘imiz. Ularsiz baxtimiz ko‘karmasligi, biz, ayollar bugungidek erkalanib, og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurolmasligimiz aniq.

Demak, bugun shogirdiga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlarning bayrami, u o‘quvchilarni, talaba yoshlarni  Vatan himoyasi uchun tarbiyalamoqda.

Bugun, shifokorlarning bayrami – ular davolayotgan kishilar yurtimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilishadi.

Olimlar, tadqiqotchilarning bayrami – ularning ixtirolari taraqqiyotga xizmat qiladi.

Quruvchilarning bayrami – ularning mehnatlari samarasi o‘laroq, yurtimizda go‘zal bino va inshootlar qad rostlaydi. 

Bu safni yana davom ettirish mumkin. Yagona xulosa shuki, Vatan himoyasi uchun barcha birdek javobgar. Kimki, zimmasiga yuklatilgan o‘z vazifasini vijdonan bajarsa, u Vatan himoyachisidir.

Kimki oilasini, yaqinlarini himoya qilsa, asrasa u Vatan himoyachisidir. Negaki, oila bu kichik Vatandir! 

Bayram muborak bo‘lsin,  azizlar!

Gulchehra Berdiyorova.