“Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 524 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi “Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi”da bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda 1350 dan ortiq ishsiz fuqaro, ya’ni nafaqadagi harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolar qatnashdi.
Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Jomboy, Oqdaryo, Past Darg‘om va Samarqand tumanlaridan 64 ta korxona va tashkilot o‘zlaridagi mavjud 524 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Ahamiyatlisi, ishsiz fuqarolarni shu joyning o‘zida ishga qabul qilish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun korxonalar rahbarlari va kadrlar bo‘limi boshliqlari ham mehnat yarmarkasiga keldi.
Shuningdek, ishsiz, muayyan bir kasb egasi bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish imkoni mavjudligi haqida tushunchalar va huquqiy maslahatlar berildi.
Natijada ish izlab yurgan fuqarolar va sobiq harbiylarning aksariyati ishga joylashdi, muayyan bir kasb egasi bo‘lmagan fuqarolar esa qayerda kasb-hunarga o‘qishi mumkinligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ldi.
Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati.