Olis hududlardagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida rasmiy veb-saytlarda ma’lumot berib boriladi

Bu Samarqand viloyati hokimining 2021 yil 16 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4940-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida”gi qarorida belgilandi.

Unga ko‘ra, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat bandlik bosh boshqarmasi (I.Jabborov) hamda shahar va tuman hokimliklariga:

- olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar rasmiy veb-saytlarda joylashtirib borish;

  - joylarda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj majud bo‘lgan byudjet tashkilotlariga ishga jalb etish, shuningdek, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarar shart-sharoit yaratish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga va (yoki) tibbiyot xodimlariga tegishli hududlardagi zaxira yerlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratiladi.