Vazifasini bajarmagan otinoyilar faoliyati to‘xtatib qo‘yiladi
Otinoyi kim? U o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi, "Jamoat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunlar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyruqlari asosida tashkil etadi. Shuningdek, ayollar orasida o‘tkaziladigan milliy, diniy-ma’rifiy ishlarni hamda islom diniga oid rasm-rusumlarni bajaradi. O‘z mahallasi va har bir oilada barqaror ma’naviy-axloqiy muhitni ta’minlash choralarini ko‘radi.
Otinoyilarga qo‘yilayotgan bu kabi talablarning yana bir nechtasini aytish mumkin. Ular ushbu talablarga qay darajada javob beradi? Ushbu masalalarga javob topish, qolaversa, otinoyilarning diniy, dunyoviy bilimlarini, jamiyatdagi yangiliklardan xabardorligini yanada oshirish maqsadida ular uchun qisqa muddatli o‘quvlar tashkil etildi. Viloyat hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy o‘quvlarda viloyatdagi barcha otinoyilar mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, din va davlat munosabatlari, xotin-qizlar orasida aqidaparastlikka berilishning ijtimoiy va psixologik sabablari, hanafiya mazhabining ta’limoti bo‘yicha ma’ruzalar tinglashdi.
- Ushbu o‘quvlar mintaqaviy tarzda o‘tkazilib, har bir shahar, tuman otinoyilarini qamrab oladi, - deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi rahbari o‘rinbosari N.Temirova. - Bugungi kunda rasman faoliyat ko‘rsatayotgan otinoyilarga ularning vazifalari o‘z vaqtida tushuntirib borilmoqda. Mamlakatimizning amaldagi qonunlariga hamda mehnat vazifasiga bo‘ysunmagan yoki qonun talabi doirasidan chiqqan otinoyilar faoliyati to‘xtatib qo‘yiladi. Unga berilgan maxsus sertifikatdan mahrum qilinadi. Shuning uchun har yili ularning bilimlarini yanada oshirish maqsadida o‘quvlar tashkil etilmoqda.
Otinoyilarga oliy o‘quv yurti professorlari, Imom Buxoriy xalqaro markazi xodimlari, imom-xatib va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari rahbarlari tomonidan mashg‘ulotlar o‘tilmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.