Vazirlik va YuNISEF sifatli maktabgacha ta’lim tarmog‘ini kengaytiradi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi BMTning Bolalar Jamg‘armasi (YuNISEF) bilan sifatli maktabgacha ta’lim tarmog‘ini kengaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida ish olib bormoqda.

Ushbu loyiha Islom taraqqiyot banki tomonidan 50 million AQSh dollariga moliyalashtirilgan.

Mazkur loyiha doirasida respublikadagi 11 ta Pedagogik mahorat markaziga auditoriya, laboratoriya va kompyuter xonasi berish rejalashtirilgan. Moliyalashtirilgan mablag‘ evaziga bugun Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun mahorat markazi ochildi.

Markazning ochilish marosimida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, YuNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel xonim ishtirok etdi.

Dastlab mehmonlarga loyiha doirasida bajarilishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, markazda tayyorlangan xonalar bilan tanishildi.

- Hozirgacha Samarqand, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘quv markazlarini tashkil etdik, qolgan oltita markaz 2025 yil oxirigacha ishga tushadi, - dedi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Oyatulla Rahmatullayev. - Buning alohida e’tiborli tomoni shundaki, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri joriy yil boshida Italiyaga qilgan tashrifi davomida Redji Emilio ta’lim markazi bilan hamkorlik kelishuvini amalga oshirgan. Hozirda markaz mutaxassislari aynan ushbu loyiha doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglari malakasini oshirish markazlarini o‘quv uslubiy ta’minotini yaratishda bevosita ishtirok etmoqda.

Ushbu markaz viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining malakasini oshiradi. Markazning birinchi bosqichida xonalar jihozlangan bo‘lsa, asosiy bosqichida 25 nafar trening o‘qitiladi. Ular tumanlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarini o‘qitadi. Shu tariqa barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari qamrab olinadi. Endi bolalar ta’lim jarayonida faqatgina tomoshabin sifatida emas, balki jarayonning bajaruvchisi sifatida ishtirok etadi. Ta’lim jarayonida pedagoglar ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish bilan cheklanadi. Bunda maktab yoshidagi bolalarning jamiyatga moslashtirish, tabiatga yaqinlashtirish birlamchi vazifa sifatida e’tiborga olingan.

Xurshida Ernazarova.