Veloyo‘laklar kerakmi? Bu savolga javob topish uchun velosiped haydab ko‘rish kerak
Shu haqda so‘z yuritgan safardagi hamkasblarimiz Samarqand shahrida ayrim piyodalar yo‘laklari yuzsizlarcha egallab olinayotganini bildirdi.
Misol uchun, ko‘hna kentdan Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga velotur uyushtirgan ijodkorlar "Samarqand-siti"ni "Siyob bozori" bilan bog‘lovchi benihoya chiroyli ko‘cha qurilganini e’tirof etishdi. Zamonaviy yechim, ikki emas to‘rt tomonlama qatnovga mo‘ljallangan ko‘chada piyodalar manfaatlari ham hisobga olingan. Ammo ayrim "boyvuchcha"lar yangi bozor yaqinida yo‘lakni hovlisidan ko‘chaga chiquvchi mulk sifatida tasarruf etmoqda. Ularning uyi yaqinidan piyoda yoki velosipedda o‘tish uchun avtomobil qatnov qismiga o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Xursand qiladigani shuki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan veloyo‘laklar bugun tuman markazlarida ham barpo etilyapti. Hamkasblarimiz Tojikistonga safar davomida Toyloq tumani markazida piyodalar va velosipedda yuruvchilar uchun yaratilgan qulayliklarni e’tirof etishdi. Qatnov qismidan 1 metrlik maysazor ajratib turgan yo‘lakda o‘rindiqlar va chiqindi tashlash qutilari ham joylashtirilgan.
Afsuslanarlisi, bu yerda ham ayrim "tadbirkor"lar yo‘laklarni egallab olayotgani kuzatiladi.
Aslida shu paytgacha bo‘lmagan bu qulaylik odamlar nafaqat velosport va piyoda yurish bilan shug‘ullanishlari uchun foydali. Qolaversa, ekologik toza transport bilan sayohat, ya’ni veloturizm rivojida ham muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
(Suratlarda Toyloq tumanidagi veloyo‘laklar aks ettirilgan)