Vengriya bolgar-turkcha “onogur” so‘zidan kelib chiqqan va “o‘n qabila” degan ma’noni anglatadi
Biz bu davlatlar haqida bir necha bor eshitganmiz. Sayyohatchilar orasida juda mashhur bo‘lganligi sababli ularga sayohat qilishni orzu qilganmiz. Shubhasiz, nima uchun u yoki bu mamlakat bunday nomga ega, bu harflar nimani anglatadi va qanday sabablarga ko‘ra nomlanganligi haqida o‘ylagan bo‘lsangiz kerak. Bugun shu haqda qisqacha to‘xtalamiz.
Argentina
Bir paytlar ispanlar Rio-de-Palata daryosining kumushga to‘laligini aniqladi (Argentum so‘zi lotinchadan kumushni bildiradi). Shu tariqa Argentina nomi paydo bo‘lgan.
Niderlandiya
Niderlandiya “pasttekisliklar” deb tarjima qilingan. Chunki mamlakatning aksariyati dengiz sathidan pastda joylashgan. Gollandiya mamlakatning ikkinchi umumiy nomi. Ammo bu butunlay noto‘g‘ri nomlanish. Azaldan Niderlandiyaning faqat ikkita hududini Gollandiya deb atashgan. Tarixiy jihatdan bular eng rivojlangan va mamlakat tashqarisida eng mashhur viloyatlar bo‘lganligi sababli butun mamlakat Gollandiya deb nom olgan.
Vengriya
Ushbu davlatning nomi bolgar-turkcha “onogur” so‘zidan kelib chiqqan va “o‘n qabila” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni, yetti mahalliy qabilalar va keyinchalik Hazar qabilalarining Karpat havzasida o‘rnashganligi tufayli bu davlat Vengriya deb nomlangan.
Braziliya
Bir vaqtlar Braziliyadan Yevropaga juda ko‘p qimmat Maun (qizil) daraxti eksport qilingan. Uning rangi alanga olib turgan qizil cho‘qqa o‘xshagani va portugal tilidan brasa so‘zi “cho‘g‘”ni bildirishi sababli bu davlatga Braziliya nomi berilgan.
Ispaniya
Ilgari Ispaniya qirg‘og‘ida juda ko‘p quyon yashagan. Finikiyaliklar Iberiya yarim orolining qirg‘og‘iga tushib, quyonlarni boshqa jonzot - Damanlar bilan adashib, bu mamlakatga I-Shapan-im “Damanlar oroli” nomini berishdi. Keyinchalik ushbu nomdan Lotincha Hispania va zamonaviy Ispaniya hosil bo‘ldi.
Kosta-Rika
Kosta-Rika nomining kelib chiqishi Kolumb bilan bog‘liq. Kolumb qirg‘oqdagi hindular juda ko‘p zargarlik buyumlarini taqib yurganini ko‘rgandan so‘ng, bu mintaqa “boy qirg‘oq” deb nomlana boshlandi. Kosta-Rika so‘zlari aynan shu tarzda tarjima qilingan.
Lyuksemburg
Ilgari Lyuksemburg oddiy bir qal’a bo‘lgan. U nemis tilidan “Kichik qal’a” deb tarjima qilingan. Abbatlar (katoliklar monastiri va unga qarashli joylar) markazi birlashishi natijasida qal’a butun mamlakatga nom berdi.
Kamerun
Markaziy Afrika daryosidagi qisqichbaqalar ko‘pligini ko‘rgan portugaliyalik dengizchilar bu joyga Rio-dosh-Kamaroysh, ya’ni “qisqichbaqalar daryosi” degan nom berishdi. Keyinchalik Kamaroysh Kamerunga aylandi.
Lixtenshteyn
Avstriya knyazi Hans-Adam Lixtenshteyn tomonidan bosib olingan yerlar davlatga aylandi va uning nomi bilan ataldi.
Vatikan
Rim markazidagi kichik davlat Vatikan tepaligida joylashganligi sabab unga shu nom berilgan. Tepalikning nomi lotin tilidan “bashorat qilish” degan ma’nosini anglatadi. Bir paytlar bu yerda har qanday savolga tangri nomidan javob beradigan kohin va folbinlar to‘planishgan.
Namibiya
Mamlakat o‘z nomini Namib cho‘lidan oldi. U nama tilidan “hech narsasi yo‘q joy”, deb tarjima qilingan.
Venesuela
Mintaqa unga “kichik Venetsiyani” eslatganligi sababli bunday nomni bu davlatga italiyalik sayohatchi Amerigo Vespuchchi bergan (Venezuela italyan tilidan shunday tarjima qilinadi).
Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.