Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vertolyot, tank va artilleriya qurollari: Aralash tarkibdagi jangovar texnika va bo‘linmalar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi (foto)

10 oktyabr kuni Markaziy harbiy orkugga qarashli Kattaqo‘rg‘on poligonida aralash tarkibdagi jangovar texnika va bo‘linmalar bilan navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mashg‘ulot 3 kun muddatda doimiy jangovar shaylikdagi harbiy qism harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda 30 ga yaqin o‘quv joylarida otish mashqlari bir vaqtning o‘zida tashkil etildi.

Dastlab, vertolyot aviatsiyasi orqali maxsus bo‘linmalar belgilangan joyga desantlashtirildi. Shundan so‘ng, razvedka ma’lumotlariga tayanib, artilleriya bo‘linmalari 15 kilometr masofadagi va “zenit”chilar esa havodagi nishonlarni birin-ketin yakson qilishdi.

Jangovar tanklar mashq bajarish qoidasiga ko‘ra, yondan harakatlandi. 125 millimetrli to‘plardan otilgan “oskolkali parchalanuvchi”, “kumulyativ” hamda “zirhteshar” snaryadlar 1200 metr masofadagi mo‘ljalni yo‘q qildi. Shuningdek, tankchilar bilan amaliy haydash mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.

 Harbiy xizmatchilar kichik kalibrli qurollardan jangovar tayyorgarlikning yangicha usullarini qo‘llagan holda mashq bajarishdi.

Aralash tarkibdagi mashg‘ulot Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan ijobiy baholandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.