Veterinariya va chorvachilik sohasida dolzarb muammolar va ularning yechimi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ish boshladi.

Konferensiya ishida Sankt-Peterburg davlat veterinariya meditsinasi universiteti professorlari, Rossiya Fanlar akademiyasi akademiklari Eduard Javadov hamda Anatoliy Stekolnikov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda.

Dastlab universitet mehmonlari e’tiboriga ta’lim maskani faoliyatiga oid ilmiy-amaliy ko‘rgazma namoyish qilindi. Universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov ikki yirik mutaxassis, veterinariya sohasining nufuzli namoyandalari bir vaqtning o‘zida bu maskanda bo‘lishidan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar mamnun ekani, ularning ma’ruzalari barcha uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.

12 yil davomida Sankt-Peterburg davlat veterinariya meditsinasi universitetini boshqargan akademik Stekolnikov Rossiyada ayni kunda 3 ta veterinariya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari borligini aytib, O‘zbekistonda yagona bo‘lgan mazkur ta’lim maskani sohaga ixtisoslashgan horijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikni mustahkamlagani, o‘quv dasturlari va rejalari bir-biriga yaqin va mos bo‘lgan muassasalar va olimlar birgalikda rivojlanayotgani xususida gapirdi va muammolarga hamkorlikda ilmiy yechim izlanayotgani haqidagi fikrlarini bayon etdi.

Akademiklar marosim davomida universitet jamoasiga o‘z ramziy sovg‘alarini taqdim etdilar. Shuningdek, tadbir davomida akademiklarga universitet rektori tomonidan “Fahriy professor” diplomi va nishoni  topshirildi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Konferensiyada «Veterinariya sohasida hayvonlar kasalliklarini oldini olish va davolashning dolzarb muammolari va ularning yechimi», «Chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi innovatsiyalar» «Chorvachilik biotexnologiyasi hamda hayvonlarni saqlash, ozuqa yetishtirish, oziqlantirish va seleksiya ishlaridagi ilmiy yondashuvlar», «Chorvachilik va qishloq xo‘jaligida agrotexnologik jarayonlarni mexanizatsiyalashtirish, resurs-energiya tejamkor qishloq xo‘jalik texnikalarini joriy etish va ularning iqtisodiyoti bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar» mavzusida ilmiy izlanishlar natijalari muhokama qilinmoqda.

Konferensiya ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

 Universitet axborot xizmati.