Vikipediyaning xatosi yoxud har doim ham VIKIga ishonavermang

Bu gapni bejiz aytmayapman. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mashhur mergan va san’atkor Zebo G‘aniyevani vikipediyada ozarbayjonlik, deb ma’lumot berishibdi.

Esimda.1995 yilda Alisher Navoiy nomidagi nafis san’at litseyida o‘qib yurganimizda u bir guruh safdoshlari - xalq artistlari Gavhar Rahimova, Kommuna Ismoilova, Yayra Abdullayevalar bilan birgalikda litseyimizga mehmon bo‘lib kelishgandi. U ozgina oqsoqlanib, hassaga tayanib yurarkan. Kimdir o‘shanda uning bir oyog‘i protez ekanligini aytgandi.

Uchrashuvda u kishi so‘zini o‘zbekcha boshlab, muloyimlik bilan «Ruscha gapirsam maylimi?», degandi. Chunki u urush tugaganidan buyon Moskvada yashardi. Keyinchalik litseyimizda Gavhar Rahimova rahbarligida Zebo G‘aniyeva nomidagi qo‘shiqchi qizlar ansambli tuzilib, ancha vaqt faoliyat yuritdi. Ming afsuski, hozirgi yoshlarning ko‘pchiligi Zebo G‘aniyeva, Gavhar Rahimovalar haqida bilishmasa ham kerak. Tag‘in bilmadim.

Vikipediyadagi noto‘g‘ri ma’lumotni o‘qib esa, ochig‘i, hayron bo‘ldim. Zebo G‘aniyeva qaysi viloyatimizdan ekanligini bilmayman-u, ammo o‘zimizning yurtimizdan ekanligini, o‘zbek qizi ekanini aniq bilaman. Chunki u litseyimizdagi o‘sha suhbatda o‘zbekistonlik ekanini, o‘zbekligini aytgandi. Balki ozarbayjon millatiga mansub insonga turmushga chiqqani uchun ham shunday xatolik ro‘y bergandir.

Xullas, vikipediyadagi ma’lumotlarga har doim ham ishonib bo‘lmas ekan.

***

Quyidagi suratda Zebo G‘aniyeva "Tohir va Zuhra" filmidagi Xorazm malikasi obrazida.

Lazizjon Bahranov.

Manba: @gulqaychi