Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 17 iyundan faoliyatini boshlaydi
Xabaringiz bor, ayni kunlarga qadar Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida viloyatda koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan edi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari bilan bir qatorda markazning tajribali shifokorlari, tibbiyot xodimlari ham koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda fidoyilik ko‘rsatib, viloyatda ushbu xastalikka chalingan bemorlar sonining kamayishiga munosib hissa qo‘shishdi.
Bugungi kunda viloyatda virusga chalingan bemorlar soni keskin kamayib, joriy yilning 14 iyun holatiga Samarqandda aniqlangan 387 nafar bemorning 351 nafari, ya’ni 91 foizi davolanib chiqqan. Afsuski, shu paytga qadar viloyatda 2 nafar bemor ushbu xastalikdan vafot etgan.
Bemorlar hamda yangi kasallanish soni kamaygani tufayli ayni paytda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi o‘z faoliyatini davom ettirishi belgilandi.
- Shu yilning 17 iyunidan boshlab markaz o‘z faoliyatini boshlaydi, - deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov. – Ayni kunlarda markazdagi har bir bo‘limda to‘liq, kuchaytirilgan tarzda dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar amalga oshirilgach, bino hamda jihozlar to‘liq zararsizlantirilgach, tibbiyot muassasamiz faoliyatini qayta boshlaydi. Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlari o‘n to‘rt kunlik karantindan so‘nggina ish yuritadi. Unga qadar boshqa xodimlar o‘z ishini davom ettiradi. Markazga davolanishga keluvchilar o‘z hududiga tegishli tibbiyot muassasasining yo‘llanmasi bilan kelish talab etiladi.
Gulruh MO‘MINOVA.