“Dok-1 Maks” dori vositasi va vafot etgan chaqaloqlar voqeasi: aslida nimalar sodir bo‘lgan?
Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” dori vositasi atrofidagi shov-shuvlar va bevaqt hayotdan ko‘z yumgan chaqaloqlar muhokama qilinmoqda. Shu sababdan biz viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, holatga oydinlik kiritishga harakat qildik.
Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham mazkur shifoxona tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuqoridagi “Dok-1 Maks” dori vositasi xususida xat yuborilgan. Xatda so‘nggi oylarda bolalar o‘rtasida nafas yo‘llari virusli kasalliklari oshgani, onalarning bolalarini mustaqil davolashda “Dok-1 Maks” dori vositasidan ko‘p qo‘llayotgani va uning nojo‘ya ta’siri bo‘yicha murojaatlar kelayotgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, xatga ko‘ra, oxirgi ikki oyda 21 nafar bemor shu dorini qabul qilgach nojo‘ya ta’siri kuzatilgani bo‘yicha murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kasalligi kuzatilgan bo‘lib, 17 nafarida bu juda og‘ir kechgan va 15 bemor vafot etgan.
Markaz boshqarmaga yuborgan xatida yuqoridagi sabab bois “Dok-1 Maks” dori vositasini bolalarda qo‘llashga taqiq kiritilishi so‘ralgan.
E’tibor berish lozimki, markaz keltirgan bolalar o‘limi bilan bog‘liq yuqoridagi raqam so‘nggi ikki oydagi umumiy holat. Bu raqam bir yo ikki kunda paydo bo‘lmagan. Ya’ni, shifokorlar so‘nggi ikki oydagi o‘lim holatlarini tahlil qilib, bemorlar shifoxonaga keltirilishidan oldin qaysi dori vositasi qabul qilganidan kelib chiqib, boshqarmaga taklif kiritgan.
Markazning xirurgik ishlar bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Fazliddin Fayzullayevga ko‘ra, odatda kasallik va o‘lim holatlari tahlil qilinib, o‘rganilib dori vositalari bo‘yicha takliflar yuqori idoralarga berib boriladi. Yuqoridagi xat ham “Dok-1 Maks”ning ehtimoliy xavfi yuzasidan o‘rganish uchun berilgan takliflardan biri bo‘lgan.
Ayni vaqtda maxsus ishchi guruh bolalar o‘limiga aynan nima sabab bo‘lgani, “Dok-1 Maks” dori vositasining qanchalik xavfli yoki xavfsiz ekani borasida tahlil va o‘rganishlarni davom ettirmoqda. O‘rganish natijalari ma’lum bo‘lmagani sababli shifoxona mutasaddilari dori vositasi yuzasidan hozircha aniq fikr bildirishmadi. (Bugun natijalar e’lon qilinishi kutilmoqda. Chunki komissiya uch kun ichida holatni o‘rganishi aytilgan).
Aytish mumkinki, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan bildirilgan yuqoridagi xat aslida yana ko‘plab fojianing oldini olib qolishga sabab bo‘lishi ham mumkin. Chunki mazkur shov-shuvlar ortidan zudlik bilan mamlakatimizda “Dok-1 Maks” preparati sotuvdan olib tashlandi.
Aytishingiz mumkin, holat Samarqandda bo‘la turib nega respublika bo‘yicha mazkur dori savdodan olib tashlandi?
Gap shundaki, odatda Samarqanddagi mazkur shifoxonaga atrofdagi viloyatlardan ham bemor bolalar olib kelinadi. Yuqoridagi dori vositasining nojo‘ya ta’siri yuzasidan ham shifoxonaga murojaat etganlarning qariyb yarmi boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan. Shu sababdan ham dori vositasi respublika bo‘yicha savdodan olib tashlangan bo‘lishi ehtimoli katta.
Shifoxonada bo‘lganimizda bu yerga farzandini olib kelgan qashqadaryolik D.Boyqobilova ham to‘rt kun davomida xuddi shu doridan foydalanganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng bolaning siydik chiqarishida muammo kuzatilgan (mazkur doridan foydalangan boshqa bemorlarda ham aynan shu nojo‘ya ta’sir kuzatilgani taxmin qilinmoqda). Shundan so‘ng bemorni Samarqandga olib kelishgan.
Nima bo‘lganda ham endi o‘lim sababi va dori vositasi bo‘yicha ishchi guruhning xulosalari juda muhim. Shifokorlar o‘z vazifasini bajarishdi — tegishli joylarga holat haqida xabar berdi. Endi o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, zudlik bilan qolgan choralar ko‘rilishi lozim.
Anvar Mustafoqulov,
Baxtiyor Mustanov,
Zarnew.uz muxbirlari.