Viloyat hokimi Prezident maktabi bitiruvchilarining loyihalari bilan tanishdi, orzu-maqsadlarini tingladi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Samarqand shahridagi Prezident maktabi bitiruvchilari bilan uchrashdi.

Davra suhbatida viloyat hokimi yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlarga to‘xtaldi. Prezident maktabi o‘quvchilarining kelajakdagi orzulari, maqsadlari, Vatan taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shmoqchi ekanliklari bilan qiziqdi.

Maktab o‘quvchilari tomonidan yaratilgan ommaviy moliyalashtirish bozori loyihasi bilan tanishdi. O‘quvchilar ushbu loyiha asosida yangi platforma yaratgani, undan barcha daromad olish uchun foydalanishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi. Ushbu loyihani ishga tushirish uchun zarur masalalarda viloyat hokimidan yordam so‘rashdi.

Shuningdek, bitiruvchilardan Farzod Majidov “El-yurt umidi” jamg‘armasi barcha xorijda o‘qishni istovchilarga ko‘mak berilmayotgani, shuningdek, viloyatda chet davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan yoshlarga biror jamg‘arma tashkil qilinganmi, degan savol bilan murojaat qildi.

- Men hamma vaqt ta’limga sarmoya ajratish tarafdoriman, - dedi A.Boboyev. – Ta’limga tikilgan sarmoya ertaga albatta o‘z mevasini beradi. Bu masalani atroflicha o‘rganib, “El-yurt umidi” jamg‘armasidan ko‘mak ololmagan samarqandlik yoshlarga xorijda o‘qishi uchun moddiy yordam berishga harakat qilamiz.

Davra suhbatida bitiruvchilar tomonidan IT-markazlari ochish takliflari ham bildirildi. Adiz Boboyev hozircha Samarqand shahar markazi va Qorasuv maskanida zamonaviy IT-markazi ochish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir Prezident maktabi bitiruvchilarida iliq taassurot qoldirdi.