Viloyat hokimi yong‘in tufayli qarindoshlari vafot etgan qizni otaliqqa oldi

Kecha, 17 fevral kuni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumani, Sardoba shaharchasi, Ko‘rkam diyor mahallasi, Robot ko‘chasida joylashgan bir qavatli, 3-uy, 1-xonadon (kottej)da yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Oqibatda bir oilaning 6 nafar a’zosi baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi.

Erta tongdan viloyat hokimi, viloyat sektor rahbarlari hamda tashkilot rahbarlaridan iborat tarkibda guruh tuzilib, hodisa sodir bo‘lgan xonadonga borildi.

Shaxsan viloyat hokimi G‘.Mirzayev halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qilib, hamdardlik bildirdi.

Viloyat hokimi marhumlar marosimlarida bosh-qosh bo‘lib, yong‘in sodir bo‘lgan uyni qisqa muddatda ta’mirlagan holda voqea sodir bo‘lgan vaqtda boshqa joyda bo‘lgan oilaning 18 yoshli qizi O.O‘.ga topshirilishini hamda uni o‘z otalig‘iga olib, holidan doimiy xabar olib turishini ma’lum qildi.

Fojia joyida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Shu o‘rinda marhumlarning motam tadbirlari va dafn marosimlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 30 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Marhumlarning ma’rakalarini o‘tkazish uchun mas’ullar biriktirildi. Shuningdek, viloyat hokimi marosimga yig‘ilganlarga xonadonlarda gaz va elektr isitkich moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini ta’kidladi.

Mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘lar ularning qayg‘uli kunida hamdard bo‘lmoqda.