Viloyat hokimligining qancha xizmat uyi bor?

O‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  Farmoni imzolandi.

Hujjat bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Endilikda, davlat organlari va tashkilotlari har yili 10 martga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi. 1 aprelga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini o‘tkazadi.

Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirilishi shart

Joriy yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portaliga va o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi:

- mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar mustasno);

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan sub’yektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar;

- o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari.

Veb-saytga majburiy qo‘yiladi

Davlat organlari va tashkilotlari joriy yil 1 iyuldan boshlab o‘z huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda rasmiy veb-saytlarida quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlaydi:

- jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari);

- jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar;

- davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiyaning tasdiqlangan a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi);

- litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida mas’ul xodimlari, shu jumladan ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, egallab turgan lavozimi).

Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotdan foydalanish qulay bo‘ladi

Har yili 1 martga qadar davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatiga oid hisobotini (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytiga joylashtirishi shart.

Rasmiy veb-saytlarda, shuningdek, davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar (xarid e’lon qilinishidan kamida 6 oy oldin) ko‘rsatilishi kerak.

Bundan tashqari, davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo‘yicha tashkil etiladigan xarid komissiyalarining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, xarid komissiyasi tarkibini tasdiqlash haqidagi qaror, xarid komissiyasi a’zolarining ma’lumotlari (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi) e’lon qilinadi.

Hokimliklarning qancha xizmat uyi, qancha avtomashinasi bor?

Prezident farmonida bu ma’lumot Ochiq ma’lumotlar portali, rasmiy veb-saytda joylashtirilishi shartligi belgilangan. Davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, ushbu korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tasarrufidagi yengil avtomobillar va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham shu toifada ko‘zda tutilgan.

Tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tuman va shahar hokimliklari ham rasmiy veb-saytiga joylashtirishi shart.

Endi, mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham rasmiy veb-saytlardan aks etishi zarur.

Imtihonlar internet tarmog‘ida jonli efirga uzatiladi

Bu amaliyot OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy sinovlar, magistratura bosqichiga qabul imtihonlari hamda respublikadagi yoki xorijdagi OTMdan respublikadagi davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlarda qo‘llaniladi.

Shuningdek, xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari ham internet tarmog‘ida jonli efirga uzatiladi.

Taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlar bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno)da ushbu amaliyot qo‘llaniladi.

Ochiqlik reytingi yuritiladi

2021 yil 1 dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari telekanallar, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatiladi.

Shuningdek, har yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi.

Javobgarlik mexanizmi bo‘ladi

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilangan.

Biroq bu qonunbuzarlik uchun javobgarlikning huquqiy mexanizm yo‘q. Shu sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritiladi.