Viloyat shaxmat federatsiyasiga rais saylandi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat shaxmat federatsiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi E.Turdimov, shaxmat federatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi a’zolari, sport muassasalari rahbarlari, trenerlar va yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan yosh shaxmatchilar ishtirok etdi.
Dastlab joriy yilning 9 oyi davomida shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida viloyat shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Jamshid Akobirov hisobot berdi.
- Bugun viloyatda uch ming nafardan ziyod sportchi shaxmat bilan shug‘ullanadi va ularga 110 nafar trener mashg‘ulot o‘tadi, - dedi J.Akobirov. - O‘zbekiston shaxmat terma jamoasining asosiy tarkibiga viloyatimizdan 8 nafar, zaxira tarkibiga 3 nafar sportchi qabul qilingan. Joriy yilda viloyatimizda ikkita xalqaro darajadagi musobaqa, to‘rtta viloyat chempionati, ikkita viloyat kubogi musobaqalari tashkil etildi. Sportchilarimiz respublika musobaqalarida 2 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lgan samarqandlik Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov hamda Javohir Sindorov jamoaviy bahsda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, olimpiadaning qizlar bahsida viloyatimiz sportchilari Afruza Hamdamova va Marjona Malikova munosib ishtirok etdi.
Shundan so‘ng viloyat shaxmat federatsiyasi raisi va uning o‘rinbosarlari saylandi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov federatsiya raisligiga xalqaro toifadagi grossmeyster Tohir Vohidov, Yoshlar ishlar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Boboyev hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov rais o‘rinbosarligiga bir ovozdan ma’qullandi.
Yig‘ilishda 2026 yil Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etishga tayyorgarlik jarayonlarini hozirdan boshlash, kelgusida viloyatda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshiriladigan ishlar belgilanib, homiylar biriktirildi.
Tadbir yakunida Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan va faol ishtirok etgan shaxmatchilar - Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova va Marjona Malikovaga hamda sport sohasida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan faxriy sportchi Hamroqul Rofiyevga viloyat hokimining tashakkurnomasi topshirildi.