Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazirlikdan nega hayfsan oldi?
Bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning har bir murojaatini alohida nazoratga olish va har biri bilan individual ishlagan holda imkon qadar aholi roziligini ta’minlashga harakat qilib kelinmoqda.
Bu jarayonda, ayniqsa, murojaatlarni ko‘rib chiqish sifatiga e’tibor qaratish bilan birgalikda ularni ko‘rib chiqish muddatlari buzilmasligiga ham jiddiy e’tibor berilmoqda.
Buning natijasida vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashish oqibatida murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonunda belgilangan muddatlari buzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun vazirning tegishli buyruqlari bilan Andijon (S.Yusupov), Jizzax (O.Mahmudova), Namangan (A.Iminov), Samarqand (D.Jumaniyazov) va Surxondaryo (K.Abduvohidov) viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga hayfsan e’lon qilindi.
Bugungi kunda murojaatlarni ko‘rib chiqishga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Buning natijasida ularni quyi idoralarga yubormasdan, vazirlikning o‘zida buzilgan huquqlar qonun doirasida tiklanishi ta’minlab kelinmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli “Ixtisoslashtirilgan avtotransport” davlat korxonasi rahbarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, bir guruh xodimlar vazirlikka murojaat qildi.
Unda korxona rahbarining 2020 yil 26 dekabrdagi 133-sonli buyrug‘iga asosan, ushbu muassasaning avtomobillarni ta’mirlash bo‘limi avtoslesari Yu.D., ma’muriy boshqaruv bo‘limi avtomobillarni ta’mirlash bo‘limi muhandisi B.I., ma’muriy boshqaruv bo‘limi AKB muhandisi M.N., ma’muriy boshqaruv bo‘limi bosh muhandisi H.N., Samarqand tumani tez tibbiy yordam bo‘limi avtokarvon boshlig‘i A.O., Samarqand shahar tez tibbiy yordam bo‘limi avtokarvon boshlig‘i A.I., ma’muriy boshqaruv bo‘limi iqtisodchisi J.X., ma’muriy boshqaruv bo‘limi kadrlar bo‘limi boshlig‘i G.R., ma’muriy boshqaruv bo‘limi maosh hisobchisi S.Sh., ma’muriy boshqaruv bo‘limi katta mexanigi A.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasiga muvofiq bekor qilinganligidan norozilik bildirilgan.
Murojaat yuzasidan bevosita vazirlikning o‘zi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishda Mehnat kodeksining 101-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli ko‘rsatmasi asosida amaldagi qonun hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan yuqoridagi buyruq bekor qilinib, xodimlarning buzilgan huquqlari tiklandi hamda g‘ayriqonuniy buyruq chiqarilishida aybdor bo‘lgan korxona rahbariga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari ta’minlanishining muhim omillaridan biri bo‘lib, ushbu masalaga milliy qonunchiligimizda alohida o‘rin berilgan. Asosiysi, har bir rahbar, har qaysi mutasaddi shaxs bugun mamlakatimizda aholini qiynayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish, xalq dardiga sherik bo‘lib, tashvishlarini yengillashtirish muhim vazifalaridan biri ekanini chuqur anglab yetmog‘i lozim, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi axborotida.