Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi kimdan, nimani yashiryapti?

Bugun aholining istalgan tashkilotga, o‘ziga qulay bo‘lgan shaklda murojaat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Xususan, murojaat qilish amaldagi qonunchilik bo‘yicha yozma va shu bilan birga og‘zaki tarzda bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, elektron murojaat ham huquqiy xarakterga ega va unga tegishli idora tomonidan javob qaytarilishi shart. Amalda hamma joyda ham shunday bo‘layaptimi?

- Assalomu alaykum, aka! "Zarafshon" gazetasidan Yoqubman.

Boshqarmaga o‘tgan yili bo‘lgan murojaatlar tahlilini qilib beraylik.

Nechta murojaat keldi. Eng ko‘p qaysi tumanlardan. Qaysi masalalar ochiq qolib ketdi? Bunga sabablar...

- Hozir, kuraychi.

- Oldindan rahmat!

Bu viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimi bilan bo‘lgan dastlabki suhbatimiz.

- Aka, 2019 yilda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga order so‘rab qilingan murojaatlarning soni va ijrosi haqida ma’lumot bering.

6 yanvardan 9 yanvargacha telegram messenjeri orqali bo‘lgan suhbatlarimiz shu tarzda davom etdi. Bugun-ertaga, degan javoblar 24 yanvar kuni “rahbarimiz yozma murojaat qilsa, ma’lumot beringlar dedi”, tarzida o‘zgardi.

Vaholanki, 351-modda. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovi - ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda (shu jumladan, elektron hujjat shaklida) murojaat etish huquqiga ega.

Boshqarma boshlig‘i va tegishli xodimga shu kabi qonun normalaridan havola keltirib, telegram messenjeriga tashladim. Shundan so‘ng o‘rtaga sukunat cho‘kdi. Afsuski, bu holatni men ma’lumot tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin, deb xato o‘ylagan ekanman. Negaki, 29 yanvarda boshqarmaning axborot xizmati xodimiga bog‘lanish raqamlarini telegram messenjerimga havola qilishdi.

Shu topda o‘ylanib qoldim: Men shaxsiy masalada murojaat qilmadim. So‘ralayotgan ma’lumot davlat siriga taalluqli emas. Unda nima uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i va boshqarma xodimlari o‘tgan yili boshqarmaga qancha murojaat kelib tushdi-yu, uning qanchasi ijro qilindi, qancha murojaat hal etilmay qoldi, degan savolga javob berishni xohlamayapti? Sabab, muammo nimada? Bunga qonunda biron bir cheklov bo‘lmasa, unda nimani va kimdan yashirishmoqchi?

Ochiqlik, shaffoflik viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi uchun begonami? Yoki ular davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosat mohiyatini tushunib yetmadilarmi? Byurokratiyaga chek qo‘yish, oshkora ish olib borish va eng asosiysi sohada olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolarni qachongacha yashirish mumkin?

Aynan shuning oldini olish uchun o‘nlab qonunlar qabul qilinganini viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilariga kim tushuntiradi?

Savollar bisyor. O‘ylamizki, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ularga albatta, javob qaytaradi.

Yo.GADOYeV.