Samarqandda sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida 7 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorat departamenti va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida byudjet mablag‘lari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilish holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganishlarda viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 9,256 milliard so‘mlik dori vositalariga muqobil tijorat takliflari mavjud bo‘lgani holda 14,902 milliard so‘mga, ya’ni 5,643 milliard so‘m qimmat narxlarda davlat xaridlarni amalga oshirilgani aniqlangan. Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda 4,999 milliard so‘mlik qiymatdagi tender va 186,1 million so‘mlik elektron do‘kon shaklidagi xaridlar davlat xaridlariga oid qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingan.

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 2020 yil 9 oyi davomida jami 1 milliard 384 million so‘mlik talon-torojlik, moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Misol uchun, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali tomonidan tez tibbiy yordam brigadalariga jalb qilinmagan hamda ishlayotgan shtat birligiga nisbatan ortiqcha 48 nafar xodimga 124,5 million so‘m rag‘batlantirish uchun mablag‘lar ortiqcha to‘lab yuborilgan.

Ishchi guruh tomonidan aniqlangan talon-torojlik va suiiste’molchiliklar miqdori jami 7 milliard so‘mni tashkil etdi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Mazkur hujjatlar asosida Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari va viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan kelgusida qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilingan.