Viloyatda yengil atletika turi bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmoqlimi?
Viloyat yengil atletika federatsiyasining 2020 yil yakunilariga bag‘ishlangan hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda federatsiya raisi, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov qatnashib, federatsiyaning o‘tgan yildagi faoliyati va 2021 yildagi rejalari haqida gapirdi. So‘ngra bosh murabbiy T.Gladkova 2020 yilda erishilgan yutuqlar, boy berilgan imkoniyatlar bo‘yicha hisobot berdi.
Ta’kidlash lozimki, 2020 yilda viloyat bo‘yicha 60 nafar murabbiy-o‘qituvchiga sport-murabbiylik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma-litsenziya berilgan. Shuningdek, 2 ta respublika chempionati va 2 ta respublika kubogi musobaqalarida Samarqand viloyati umumjamoa hisobida 2 va 3-o‘rinlarni egallagan. Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada sportchimiz Ergash Normurodov bitta kumush, bitta bronza medali sohibi bo‘lgan.
Baxtiyor Mustafayev.
***
Sport festevali
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda Qo‘shrabot tumanida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida sport festivali tashkil etdi.
Ushbu sport bayramida tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar sportning shaxmat, shashka, kurash, kamondan otish, karate, stol tennis, tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha o‘z chiqishlarini namoyish etdi.
***
Aralash jang
Yaqinda Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Underdog” promousheni tomonidan o‘tkazilayotgan MMA kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda narpaylik O‘g‘iloy Nasimova Oktagonga ko‘tarilib, birinchi raundda mezbonlar vakili Gulmira Sabirjanova ustidan g‘alaba qozongandi.
Yaqinda Narpay tuman hokimi Sherzod Rahmonov O‘g‘iloy Nasimovaning xonadonida bo‘lib, uni g‘alaba bilan tabrikladi.
***
Badiiy gimnastika
Samarqand shahridagi 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha “Nafosat malikalari” ishtirokida sport festivali tashkil etildi.
Unda 100 nafarga yaqin yosh gimnastikachilar o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Ular orasidan eng mahoratlilari saralab olindi.
***
Taekvondo ITF
Toyloq tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida yoshlar o‘rtasida taekvondo ITF bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.
Murosasiz kechgan bahsda 150 nafardan ortiq o‘g‘il va qizlar o‘zaro bellashdi. Musobaqa natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toyloq tumani BO‘SM jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Urgut tumani 1-son BO‘SM jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Toyloq tumanidagi 28-maktab jamoasiga nasib etdi.
***
Koreyalik taekvondo murabbiyi Bulung‘urda bo‘ldi
Viloyat taekvondo WT federatsiyasi rahbariyati va Samarqand taekvondo maktabi asoschisi koreyalik Yun Yong Su Bulung‘ur tumanida bo‘ldi.
Mehmonlar Bulung‘ur tuman taekvondo WT sport murabbiylari hamda tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, mahorat mashg‘ulotlari tashkil etdi.
Koreyalik mehmon tumanda mazkur sport turini rivoji borasida amalga oshirilgan ishlar, buning uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
***
Kurash
Urgut tumanidagi Ispanza mahallasida "Sog‘lom hayot sari" shiori ostida kurash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tuman xokimligi, tuman davlat soliq inspeksiyasi hamda tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada 120 nafarga yaqin o‘smir yoshlar 7 toifa vazn bo‘yicha bel olishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida 92-maktab jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. 64-maktab jamoasi ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. 53-maktab jamoasi esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Ahror Shamsiyev.