Viloyatdagi 1751 gektar samarasiz bog‘ buziladi
Ularning o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil etilib, eksportbop mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
2024 yilda “Agroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan 15,8 mingdan ortiq nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 7,2 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Yil davomida 1 milliard 327 million 289 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, shundan 919 million so‘mdan ortiq jarima undirilgan, 259,8 million so‘m ma’muriy jarimani undirish uchun Majburiy ijro organlariga yuborilgan.
“Agroinspeksiya” viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jasur Esirgapovning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan to‘g‘ri foydalanishga qaratilgan nazoat tadbirlarida 57 holatda fermer xo‘jaliklari tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
- Bunda asosan Past Darg‘om, Urgut, Samarqand tumanlarida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklari belgilangan ekinlardan boshqa ekin ekish va kam maydonga ekilish holatlari kuzatilgan va holatlar bartaraf etilgan, - deydi J.Esirgapov. – Sohadagi muhim yo‘nalishlardan biri bog‘dorchilikni rivojlantirish va hosildorlikni oshirish hisoblanadi. Bu yo‘nalishda Davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan samarasiz va kam hosilli bog‘larni buzish belgilangan. Bu borada viloyatimizda 1751 gektar samarasiz va kam hosilli bog‘lar xatlov qilingan. 2024 yil kuz oylarida ushbu bog‘larning 136 gektari buzildi, bahor oylaridan qolgan yaroqsiz bog‘larni buzish ishlari boshlanishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgan. Bu asosan Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Past Darg‘om, Narpay, Paxtachi tumanlarida aniqlangan. Ularning o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil etilib, eksportbop mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.