Viloyatdagi yagona kardiojarroh ayol «shifokorlik»ni maktabdayoq boshlagan
Suhbatimiz avvalida fikrlarimning hammasini berasizlarmi, o‘chirmaysizlarmi, degan talabni qo‘ygan jarroh ayolni bugun ko‘pchilik yaxshi taniydi.
«Men bu natijalarga bir o‘zim emas, viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi yaratgan shart-sharoitlar, ajoyib jamoamiz tufayli erishdim. Nega bu so‘zlarimni mendan intervyu olganlar o‘chirib tashlashadi, hayronman», deya hayratlangan Niso Turdiyeva yaqinda mamlakatimiz rahbari Farmoni bilan II darajali «Salomatlik» ordeni sohibi bo‘ldi. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kardioxirurgiya bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi, bolalar hayotini ularning yuragini jarrohlik amaliyoti orqali asrab qolayotgan Niso Turdiyeva yosh bo‘lishiga qaramay shunday darajaga qanday erishgani haqida bilish ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak.
- Maqsad qo‘ya bilish va unga qarab harakat qilish bu hayotda eng muhimi, nazarimda, – deydi N.Turdiyeva. - Qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik, o‘z ustida ishlash maqsadga yetish yo‘lidagi yanayam muhim qadamlardan biri. Maktab davridanoq kim bo‘lishim haqida aniq rejalarim bo‘lgan. 4-5 yoshlarimda albatta, shifokor bo‘laman, deb yurardim. Oilada beshinchi farzand bo‘lganim uchunmi, ko‘p kasallikka chalinardim. Shifoxonada ko‘p yotganimga uyga kelib ham o‘sha yerdagi muhitni aytib, taqlid qilardim.
- Maktabni tugatgach, boradigan joyingiz aniq bo‘lgan demak, to‘g‘rimi?
- Garchi, ota-onam qarshilik qilishgan bo‘lsa-da, Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga hujjatlarimni topshirdim. Ikki yil kira olmadim, uchinchi yili maqsadim amalga oshdi.
- Ayollar kam tanlaydigan soha - kardiojarrohlikka to‘xtalganingiz ham asosiy maqsadlaringizdan biri edimi?
- Albatta. Toshkent pediatriya institutida o‘qib yurgan paytim, 4-kursdan so‘ng o‘qishni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi tibbiyot akademiyasida davom ettirishimga imkon bo‘ldi. O‘sha yerda jarroh bo‘lishga qat’iyroq ahd qilganman.
- U yerdagi tibbiy ta’lim bilan yurtimizdagi bu boradagi o‘qitish tizimida qanday farqlarni his qildingiz?
- Nazariy jihatdan Toshkent pediatriya tibbiyot institutidan borgan talabalarning bilimi kuchli edi, buni u yerdagi ustozlarimiz ham tan olardi. Faqat amaliy darslarda biroz oqsardik. Ammo institutni tugatayotganda bu borada ham yaxshi natijalarga erishdik. Sankt-Peterburg tibbiyot akademiyasini qizil diplom bilan tugatdim. Shuning uchun rektor menga ushbu ta’lim muassasasida qolib, ilmiy ish qilishimni so‘radi. Bu yerda kardiojarrohlik yo‘nalishi bo‘lmagani tufayli rozi bo‘lmadim. Moskvadagi A.Bakulev nomli yurak-qon tomir kasalliklari jarrohligi ilmiy-tadqiqot institutiga hujjatlarimni topshirib, keyingi bosqich ta’limni davom ettirdim. Shu yerda tibbiyot fanlari nomzodi darajasini oldim.
- O‘zga yurtda bunday natijalarga erishish oson bo‘lmagandir?
- Musofirchilikda albatta, moddiy va ma’naviy qiyinchiliklar bo‘ladi. Moskvada yetti yil yashagan bo‘lsam, ham ilmiy ish qildim, ham ishladim, tajriba orttirdim. Shu muddat davomida shifoxonaning o‘zida yashashimga to‘g‘ri keldi. Bir tomonda yurt, ota-ona, qarindoshlar sog‘inchi. Ammo hammasini yengib o‘tishim kerak, yaxshi mutaxassis bo‘lishim shart, degan maqsad barcha qiyinchiliklardan o‘tishimga yordam berdi.
- U yerda endi o‘z yo‘lingizni topib olgan paytingiz yurtimizga qaytishga turtki bo‘lgan asosiy narsa nima edi?
- Men aniq maqsad bilan u yerga borgandim. Ya’ni, mamlakatimizda mutaxassis kam bo‘lgan soha – kardiojarrohlikni yaxshi o‘rganib qaytish. Faqat bunchalik tez qaytaman, deb o‘ylamagandim. Respublikamizda chet davlatlardagi mutaxassislarni qaytarish, ularga shart-sharoit yaratish bo‘yicha olib borilgan ishlar tufayli Samarqandda o‘zim o‘rgangan mutaxassisligim bo‘yicha ish boshlashim menga katta madad bo‘ldi. O‘zga yurtda ilm o‘rganib yurgan paytlarim bir boshpanam bo‘lsaydi, deya orzu qilardim. Shukur, bu yerda shunday imkoniyat yaratishdi.
- Birinchi marta degan fikrning o‘zi kishiga mas’uliyat yuklaydi. Samarqandda shu paytgacha bo‘lmagan soha – bolalar kardiojarrohligini boshlab berish sizni cho‘chitmadimi?
- Avvalo, jarroh uchun muhim bo‘lgan xususiyatlardan biri – qo‘rquvga, his-hayajonga berilmaslik. Aks holda, undan yaxshi jarroh chiqmaydi. Bu sohani yillab o‘rgandim, Moskvada operatsiyalarni amalga oshirdim, o‘zimga nisbatan ishonch paydo bo‘ldi. Endi bu kasallik bilan qiynalayotgan odamlarga yordam berish, ularni hayotga qaytarish kerak. Qo‘rquv emas, shijoat bilan boshladim ishni. 2019 yilda Samarqandda ish boshlagan bo‘lsam, 2020 yilda 400 ga yaqin operatsiyani amalga oshirdik. O‘sha yillari Samarqanddan tashqari, qo‘shni viloyatlardan ham bemorlarni qabul qilgan bo‘lsak, bu yil respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan bemorlarni davoladik. 2020 yilda bir kunda 20 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 60 nafarga yetdi.
- Bu yuragida tug‘ma nuqson bilan tug‘ilayotgan bolalar soni ko‘pligi bilan izohlanadimi?
- Nazarimda, ushbu sohada diagnostikaning yaxshilanishi murojaatlar soni ko‘payganiga sabab. Keyin barcha viloyatlardan keluvchilar soni ko‘pligi bilan bog‘liq. Shuning uchun 10 o‘rinli bo‘lim bugungi kunda 20 o‘ringa yetkazildi.
- Ushbu operatsiya uchun zarur bo‘lgan tibbiy uskuna bir necha million so‘m turishi haqida eshitganmiz. Aytingchi, kam ta’minlangan oila farzandlari uchun imtiyozlar bormi?
- Shu yili «Temir daftar», «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning 40 nafarga yaqin farzandlarida respublikamizdagi «Zamin» fondi ko‘magida bepul operatsiya o‘tkazildi. Bunday ishlar hamon davom etmoqda. Boshqa fondlar, mahalliy hokimliklar ko‘magida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga shunday yordamlar ko‘rsatilmoqda.
- Bilishimizcha, bitta yurak operatsiyasini amalga oshirish uchun 4-8 soat vaqt sarfalanar ekan. Bir kunda ikkita operatsiyani o‘tkazishimga ham to‘g‘ri keladi, deyapsiz. Ish vaqtingiz qachon boshlanadi-yu, qachon dam olasiz?
- Ertalab soat 6:00 da ishda bo‘lishim shart. Chunki operatsiya odatda shu paytda o‘tkaziladi. Jarroh operatsiyaga kirar ekan, 3-4 soatda ishimni yakunlab chiqaman, deb aytolmaydi. Ba’zida tik oyoqda 8 soatlab qolib, operatsiyani amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi. Undan keyin bemorlarga qarash va boshqa ishlar bilan kech soat 19:00 gacha davom etishi mumkin.
- Bunday bosim bilan bo‘ladigan ishdan keyingi charchoqlarni qanday haydaysiz?
- Bilasizmi, operatsiyadan keyin 2-3 soat o‘tib, ba’zi bolalarning yuzlariga qizillik yuguradi, ilgarigi ko‘karishlardan asar ham qolmaydi. Onalar operatsiyadan so‘ng o‘z farzandlarini tanimay qolgan holatlar ham bo‘lgan. Ularning ko‘zidagi hayrat, tilidagi minnatdorchilik tufayli barcha charchoqlarim chiqib ketadi. Bir go‘dakning hayoti yaxshilanishi ko‘z o‘ngingda namoyon bo‘lar ekan, bu holat shifokorga kuch-g‘ayrat beradi. Kasbini yaxshi ko‘rgan odam ishidan kuch oladi, menimcha.
- Bolalarning yurak nuqsoni bilan tug‘ilishiga nima sabab deb o‘ylaysiz? Ota-onalarga bu borada qanday tavsiya bergan bo‘lardingiz?
- Bemor bolalar statistikasini tahlil qilganimizda Urgut, Toyloq tumanlaridan bemorlar ko‘proq kelishini bildik. Qolaversa, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohli oilalar farzandlarida ham shunday nuqsonlar ko‘p uchraydi. Onalarning skrining tekshiruvidan o‘tmasligi, homiladorlik paytida bee’tibor bo‘lishi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- Mas’uliyat va bilim talab etadigan ishingizga omad tilaymiz. Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.