Virtual “botqoq”dan qutulish kerak

Ijtimoiy tarmoqlar bugun nafaqat muloqot, balki dunyoqarash, qadriyatlarni o‘zgartiruvchi vositaga aylanmoqda. Buning ta’sirida ilm-fan, ma’rifat, axloq-odob kabi tushunchalar yoshlar uchun keyingi darajali bo‘lib qolyapti.
Har kuni yoshlar virtual olamda “podpischik” (muxlis) orttirish istagida o‘zini, o‘zligini yo‘qotmoqda. Oqibatda ularda xayolparishonlik, diqqat yetishmovchiligi kabi psixologik bosim, ruhiy tanazzul paydo bo‘lyapti.
Psixologlarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi “hayot”, namoyishi, sun’iy go‘zallik va boylik to‘g‘risidagi postlar yoshlarda jamiyatdan norozilik, kamsinganlik hislarini uyg‘otadi. Har kim o‘zini boshqalar bilan taqqoslaydi, real hayotni emas, virtual turmushni maqsad qiladi.
Eng yomoni, bu platformalarning ko‘pchiligida ma’lum yoshgacha cheklovlar bo‘lsa-da, ularni chetlab o‘tish oddiy jarayonga aylanib qolgan. Shu bois 10-12 yoshli bolalar ham dunyoviy muammolar, ma’naviy ifloslanish va ruhiy zo‘riqishlar girdobida qolayotir. Yoshlik, tajribasizlik, hayotga bolalarcha qarash ularni oson ishontiradigan, boshqariladigan guruhga aylantirmoqda.
Xo‘sh, masalaning yechimi nimada?
Avvalo, ota-onalar farzandining internetdan foydalanish vaqtini nazorat qilishi, ijtimoiy tarmoqlardan maqsadli va samarali foydalanish madaniyatini shakllantirishi lozim. Bu farzandlarni tarmoqdan butunlay uzish kerak, degani emas, balki unga to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishdir.
Qolaversa, ta’lim muassasalarida ham raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniyatiga oid darslar yoki to‘garaklar tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Bu orqali ular qanday ma’lumot ishonchli, qay biri yolg‘on va insonning psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ajrata oladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zida ham milliy, ma’naviy, axloqiy targ‘ibotni kuchaytirish, ijobiy obrazlarni kengaytirish, ilhom, ilm va vijdonni aks ettiruvchi kontentlar ko‘lamini oshirish zarur. Shuningdek, muassasalarda raqamli tozalash haftaligini o‘tkazish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Ya’ni, muayyan vaqtda smartfon, internet, tarmoqlardan o‘zini tiyish, real hayotga yuz burish, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, tabiat qo‘ynida dam olish kabi faoliyatlarni qo‘llab-quvvatlash lozim.
Unutmang, ijtimoiy tarmoqlar faqat yomonlik manbai emas. Yoshlarga undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatmasak, kelajakda bugungidan ham og‘ir virtual botqoqqa botib qolishimiz muqarrar.
Liliya ISKANDAROVA,
SamDChTI katta o‘qituvchisi.