Virtual davlatlar. Bu haqda nimalarni bilasiz?
Virtual davlatlar - bu xalqaro miqyosda tan olingan “qo‘shnilari”dan o‘z mustaqilligini e’lon qilgan kichik hududlardir. Bu yo‘lni ular istehzo yoki jiddiy maqsadlar bilan tanlagan bo‘lsa-da, bu mamlakatlar kamdan-kam tashrif buyuriladigan joylarni o‘rganishga qiziqadigan har qanday sayyoh tasavvurini o‘ziga tortadi.
Sealand knyazligi
Sealand aksariyati ramziy norozilik yoki behuda loyihalar bo‘lgan virtual davlatlarning yangi avlodini keltirib chiqarib, ularga yo‘l ochib bergan bo‘lishi mumkin. 1967 yilda asos solingan Sealand Angliyaning sharqiy qirg‘og‘idan 12 kilometr uzoqlikdagi dengiz platformasida joylashgan. Knyazlikka tashrif buyurmoqchi bo‘lgan kishilar vertolyot maydonchasi bo‘shligini tekshirish uchun oldindan qo‘ng‘iroq qilishi lozim.
Ujupis respublikasi
Rassomlar Vilnyusdagi ilgari tashlab ketilgan Ujupis tumanini gullab-yashnayotgan ziyolilar anklaviga aylantirishdi va uni 1997 yilda bayroq, prezident va 11 kishilik armiya bilan respublika deb e’lon qildi.
Hududdagi devorga osib qo‘yilgan va turli tillarga tarjima qilingan konstitutsiyada inson huquqlari, tinch-totuv yashash va so‘z erkinligi ta’kidlangan 41 ta modda bor. Ujupis o‘zining rang-barang va ijodiy muhiti, ko‘plab galereyalari, kafelar va ko‘cha san’ati inshootlari bilan mashhur. Ujupisga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vilnyusdan Imperator ko‘prigi orqali yetib borish mumkin.
Seborga knyazligi
Seborga o‘zini Italiyadan ajralgan mustaqil davlat sifatida da’vo qiladi, u o‘z bayrog‘i, pul birligi va hukumatiga ega. 1960 yillarda mahalliy aholi Seborga hech qachon XIX asrda Italiyani birlashtirgan Savoyard sulolasi tomonidan rasman Italiyaga qo‘shilmaganligini ko‘rsatgan ko‘p asrlik hujjatni topib oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Italiya tomonidan tan olinmaganligiga qaramay, Seborganing o‘z mustaqilligi uchun kurashni davom ettiradigan kichik, sodiq aholisi bor. Fransiya-Italiya chegarasi yaqinida joylashgan knyazlikka eng yaqin aeroport Nitssa shahrida joylashgan.
Ladoniya
Shvetsiyaning janubi-g‘arbiy sohilida joylashgan Ladoniya hech bir hukumat yoki xalqaro tashkilot tomonidan tan olinmagan, uning 20 nafarga yaqin kam sonli aholisi bor. Bu virtual davlat o‘z bayrog‘i, valyutasi va hatto davlat madhiyasiga ham ega.
Ladoniya o‘zining noyob tabiiy landshaftlari, jumladan, butun dunyodan tashrif buyuruvchilarni o‘ziga tortadigan “Nimis” ulkan yog‘och inshootlari bilan mashhur. Shuningdek, Shvetsiya hukumati bilan o‘z yerlariga egalik qilish va boshqarish bo‘yicha davom etayotgan huquqiy tortishuvlari bilan ham e’tiborni tortadi. Ladoniya fuqaroligini olish uchun onlayn ariza berishgina kifoya.
Molossiya respublikasi
1999 yilda Kevin Baugx, to‘g‘rirog‘i, “Molossiya prezidenti, Janobi oliylari” bu hudud yerlarini mustaqil davlat deb e’lon qildi. Molossiya AQShning Nevada shtatidan 55 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Mamlakat aholisi 30 nafarga yaqin. Uning o‘z armiyasi, dengiz floti va havo kuchlari bor. Kichik hajmiga qaramay, Molossiya noyob madaniy o‘ziga xosligini saqlab, butun dunyoda tinchlik va o‘zaro hamjihatlikni targ‘ib qilishga intilib kelmoqda.
Vevchani ryespublikasi
Vevchani respublikasi Yugoslaviya parchalanganidan keyin 1991 yilda Shimoliy Makedoniya hududida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan davlat sifatida mavjud edi. Sayyohlarni jalb qilish uchun Vevchani Respublikasi 2000 yilda virtual davlat sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.