Virus hamon oramizda, mehmondorchiliklardan tiyilaylik!
Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil murakkab yil bo‘lgani har birimizni sergak torttirdi, ta’bir joiz bo‘lsa, juda ko‘p masalalar, xususan, hayot tarzimiz, kundalik turmushimiz haqida o‘ylab ko‘rish, xulosa chiqarishga imkon berdi.
Aholi orasida sog‘lom turmush tarziga amal qilishi nechog‘lik ekani, kasallik tarqalgach esa juda ko‘pchilik hayotida o‘z sog‘lig‘iga boshqa bir nuqtai nazar bilan qarash shakllandi. Oddiy sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish, ovqatlanishdagi muammolarimiz ham yuzaga chiqdiki, ularning barchasi bizning salomatligimiz bilan chambarchas bog‘liq ekani hamda o‘z salomatligi yo‘lida sa’y-harakat qilsa, albatta, natijaga erishishi mumkinligini isbotladi.
Afsuski, koronavirus hamon oramizda, muhit yaratib berilsa, yana hujumga shay holatda. To‘g‘ri, karantin qoidalariga rioya qilishda aholi murakkabliklarni boshidan kechirdi. Yaqinlari bilan uzoq vaqt ko‘rishmaslik, odamlarning kamroq to‘planishi va boshqa qoidalar «odam odam bilan tirik», deya yaqinlarini e’zozlovchi xalqimiz uchun oson kechmadi. Ammo salomatligimiz uchun bu qoidalarga amal qilindi va aytish kerakki, ushbu virusning keng miqyosda tarqalishining oldi olindi.
Xalqimizda yana bir ajoyib naql bor: «Qirqiga chidagan qirq biriga ham sabr qiladi». Ushbu virus bilan bog‘liq vaziyat haqida kuniga ommaviy axborot vositalari orqali turli xabarlarni o‘qib boryapmiz. Xususan, Yevropa davlatlarida virusning yangi shtammlari paydo bo‘layotgani, karantin choralari e’lon qilinayotgani kabi xabarlar barchamizni sergak torttirishi kerak.
Garchi, bugun mamlakatimizda virus tarqalishi keng ko‘lamda bo‘lmasa-da, ammo unga chalinish holatlari uchramoqda. Shu ma’noda bayram kunlari salomatligimizga bee’tiborlik qilishimiz yana kasallikning keng tarqalishiga zamin yaratishiga turtki bo‘lishini o‘ylab ko‘raylik. Bayramni faqat o‘z oilangiz davrasida nishonlash orqali nafaqat o‘zgalar, balki o‘z salomatligingizni asragan bo‘lasiz. Qirqiga sabr qilib, qirq biriga ham chidab bersak, bu xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lish kunlariga yetib boramiz.
O‘zingizni, yaqinlaringizni ehtiyot qiling, bayramni o‘z oilangiz bilan o‘tkazing. Yangi yilda ham oila a’zolarimizni, yaqinlarimizni sog‘lom, omon esonlikda ko‘rish nasib etsin!
Adham BAHROMOV,
viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i.