Virusdan davolanish uchun shifoxonaga borishga qo‘rqqandim…

Mana necha oydirki, barchamiz koronavirus xastaligidan himoyalanib, u haqda ma’lumotlarga ega bo‘lib kelyapmiz. Ammo inson boshiga tushganda garchi mutaxassislar tomonidan ming bor ogohlantirilganimizga qaramasdan, baribir vahimaga tushib qolarkan, kishi.

O‘sha kunlari avval mening, keyin onamning harorati ko‘tarildi. Shifokorlar tavsiya qilganidek, harorat tushiruvchi dorilarni iste’mol qildik, o‘zimizni boshqa oila a’zolarimizdan alohidaladik. Bir necha kun ketma-ket issig‘imiz ko‘tarilavergach,  shifokorlarga murojaat qildik. Chunki bu paytga kelib nafas olishimiz qiyinlasha boshlagan, o‘zimizni juda ham yomon his qilayotgandik.

Shifoxonaga yotishdan avvaliga qo‘rqqan bo‘lsak, (keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shifoxonalar haqida turli gap-so‘zlarni eshitganimiz uchunmi, biroz ikkilangandik), ammo ahvolimiz og‘irlashgach, boshqa iloj yo‘qligini tan oldik. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotganimizdan so‘ng, darhol muolaja olishni boshladik.

To‘g‘risi, ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan gap-so‘zlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini angladim. Shifokorlardan tortib, hamshiralargacha bizga tibbiy muolajadan tashqari, shunchalik katta dalda berishdiki, doridan ko‘ra tibbiyot xodimlarining muomalasi, shirin so‘zidan ko‘proq davo topdik.

Virus yuqtirib olgan kishi yaxshi ovqatlanishi kerak, deya uydagilarimiz doim xavotir olib, bizga ovqat olib kelishga urinardi. Ammo to‘g‘risi, shifoxonaning taomlari shunchalik sifatli, shirin va xilma xil ediki, uydagilarga bizga ovqat olib kelishga urinmasliklarini tayinladik. (Uni ichkariga olib kirishning iloji ham yo‘q-da).

Shifoxona bosh shifokori Ibodulla Karimov boshchiligidagi shifokorlar Bekzod Qurbonov, Zeynat Rahimova, Dilfuza Amonova, hamshiralar Gulnora Boltayeva, Guli Tojiboyeva, o‘rta tibbiyot xodimlari Ozoda Bahromova, Farog‘at Tursunovalardan juda minnatdormiz. Bizni hayotga qaytargan tibbiyot xodimlariga ta’zim qilamiz. Inson o‘zi uchun emas, ko‘proq yaqinlari uchun qayg‘urar ekan. 60 yoshga yaqinlashgan onamning nafas olishi qiyinlashganini ko‘rib, xavotirga tushib, vahimada qolgandik. Shifokorlar ko‘zimizga najot farishtasi bo‘lib ko‘rindi. Hozir ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi gaplarga ishonmay qo‘ydim. Chunki shifoxonalarimizdagi sharoit juda yaxshiligiga o‘zim guvoh bo‘ldim.

Gulnoza ABDURAHMONOVA,

Samarqand shahri.