Voyaga yetmagan qizlarni mast holda urib ketgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi

2019 yil 15 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tumani sudida sudya Sh.Shamshiyev raisligida ayblanuvchi Sh.Jumaboyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi.

2019 yil 24 avgust kuni soat 16:30 larda Zomin tumanida fuqaro Sh.Jumaboyev mast holatda boshqaruvidagi davlat raqam belgisi 25 Z 841 AA bo‘lgan “ZIL-130” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotib, yo‘lning keskin burilish joyida boshqaruvni yo‘qotadi.

Oqibatda yo‘lning o‘ng chetida harakatlanib ketayotgan, voyaga yetmagan piyodalar - 2005 yilda tug‘ilgan Davlatbekova Umida Shavkat qizi va 2013 yilda tug‘ilgan Davlatboqova Noila Hasan qizlarini avtomashinasining old qismi bilan urib yuboradi.

Haydovchi jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmasdan, voqea joyidan qochib ketadi. U.Davlatbekova olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etadi. 6 yoshli N.Davlatboqova esa tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Sh.Jumaboyevga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.