“Worldskills Samarkand-2025”: Samarqandda V milliy kasblar chempionati boshlandi

Samarqand shahrida Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Worldskills Uzbekistan” Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “WORLDSKILLS UZBEKISTAN-2025” V milliy kasblar chempionati o‘tkazilmoqda.
Musobaqada respublikamizning 12 hududidan 146 nafar ishtirokchi hamshiralik, santexnik, payvandlash hamda elektromantaj kasblari bo‘yicha mahoratini ko‘rsatyapti. Chempionat shartlariga ko‘ra, har bir viloyatdan bitta kasb bo‘yicha bitta ta’lim muassasasidan 1 nafar o‘quvchi va 1 nafardan ekspert o‘qituvchi qatnashmoqda.
- Prezidentimizning 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida kasbiy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida tarbiyalash, texnikum o‘quvchilarini kasblar bo‘yicha xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash vazifasi belgilangan, - deydi Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkirjon Alijonov. - Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamizdagi 66 ta texnikum o‘quvchilari Samarqandda to‘rtta kasb bo‘yicha bellashmoqda. Ishtirokchilarga qulay bo‘lishi uchun xalqaro darajadagi asbob-uskuna va jihozlar keltirilgan. Jarayonni 19 nafar o‘zbekistonlik, 12 nafar Qozog‘iston, Shveysariya va Germaniyaning “ESAB” kompaniyasi vakillari ekspert sifatida baholab bormoqda. Musobaqada 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga joriy yilning 23-27 noyabr kunlari Tayvanda o‘tkaziladigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatiga yo‘llanma beriladi va g‘oliblar o‘rtasidagi so‘nggi sinov musobaqasida eng kuchli 1 nafar ishtirokchi xalqaro musobaqada ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
“WorldSkills” musobaqasi ilk bor Ispaniyada 1947 yil Ikkinchi jahon urushi oqibatida vayron bo‘lgan davlatlarning ayrimlarida yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tashkil etilgan. 2017 yilda Birlashgan Arab Amirligida “WorldSkills Abu Dhabi 2017”, 2019 yilda Rossiyaning Qozon shahrida “45-WorldSkills” musobaqalari bo‘lib o‘tgan. Musobaqa 17-22 yosh toifasida o‘tkaziladi va har ikki yilda bir marta ishchi kasblar bo‘yicha jahon chempionati ham tashkil etiladi.
- Kasblar chempionatining payvandlash texnologiyasi bo‘yicha ilk bor qatnashyapman, - deydi Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 2-son politexnikum o‘quvchisi Sardorbek Egamberdiyev. – Pechkalarni yasashda foydalaniladigan qattiq jismga payvandlash ishlarini olib bordim. Ishimni xorijlik ekspertlar yuqori baholadi. Nasib qilsa, keyingi bosqichlarda ham yuqori natijaga erishib, Tayvanda 40 ta davlat vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan xalqaro ishchi kasblar chempionatiga yo‘llanma olaman.
Musobaqa doirasida milliy kasbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar, erishilgan natijalar, tajribalar va oldimizda turgan dolzarb vazifalar bo‘yicha professional mutaxassislar ishtirokida “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini yanada rivojlantirish” mavzusida forum o‘tkaziladi. Unda milliy mutaxassislar bilan birga xalqaro tajribaga ega Germaniya “ESAB” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi rahbari Yekaterina Tatarinova, Qozog‘istonning Oqmola viloyati ta’lim boshqarmasi huzuridagi Ko‘kshetau shahar qurilish-texnologiya kolleji direktori Yerlan Begaydarov, «Kazakhmys ChU» korporatsiyasining politexnika kolleji direktori Aygul Sizdikovalar ishtirok etadi.
Milliy kasblar chempionati 31 yanvarga qadar davom etadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.